Xoxlov elchiligi

Xoxlov elchiligi – rus podshosi M.F.Romanov (1613-45) Buxoro xoni Imomqulixon huzuriga boyar Ivan Danilovich Xoxlov boshchiligida yuborgan diplomatik missiya (1620 -22). Imomqulixon tomonidan yuborilgan Odambiy rahbarligidagi elchilik (1619-20) ka javoban jo’natilgan. I.D.Xoxlovga avvalo Buxoro xonini Rossiya bilan savdo va do’stona aloqalar o’rnatishga ko’ndirish, Buxorodagi rus asirlarini ozod etish, Buxoro xonligining Turkiya, Eron, Gruziya, Xiva xonligi bilan aloqalari qanday ekanligi, Buxoroning harbiy qudrati haqida maxfiy ma’lumotlar to’plash va bopshqa vazifalar yuklatilgan. Elchilar Qozondan 1620 yil 21 iyunda Buxoro va Xiva elchilari Odambiy va Rahimqul hamrohligida yo’lga chiqqanlar. Ular Astraxon — Kaspiy dengizi — To’pqarag’an pristani — Urganch — Xiva — Xonqa — Qizilqum — Xayrobod — Buxoro yo’nalishi bilan manzilga yetib kelishgan. Elchilarni Imomqulixon yaxshi kutib olgan. Saroydagi 23 rus askari ozod qilingan, qolgan asirlar esa turli sabablarga ko’ra ozod etilmagan. I.D.Xoxlovning hisobotida xonlikning ichki va xalqaro ahvoli, Buxoro xonligidagi ijtimoiy-iqtisodiy (soliqlar, shahar, qishloqlardagi ahvol), siyosiy vaziyat, shuningdek, etnografik xarakterdagi ma’lumotlar to’plangan. Ad.Axmedov B.A., Istoriko-geograficheskaya literatura Sredney Azii XVI— XVIII vv. Pismennie pamyatniki, T., 1985; Gulyamov X.T., Iz istorii diplomaticheskix otnosheniy Rossii s buxarskim xanstvom v XVIII v., T., 1992.