Xolding, xolding kompaniya

Xolding, xolding kompaniya (inglizcha holding — egalik) — asosiy faoliyati korxonalarning aktsiyalarini o’z tasarrufiga olish orqali ularning ishini nazorat qilish va boshqarishdan iborat bo’lgan kompaniya, bosh korxona. Xolding tarkibida asosiy korxona va sho’ba korxona yoki bir necha sho’ba korxonalar mavjud bo’ladi. Xolding kompaniyaning o’zi ishlab chiqarish faoliyati bilan shug’ullanmasligi mumkin, lekin ko’p hollarda Xoldinglar aktsiyalarni boshqarish bilan bir katorda moliya-kredit, savdo, transport va boshqa faoliyat turlari sohasida tadbirkorlik bilan shug’ullanadi. Ish oqilona tashkil etilganda Xolding yagona ilmiy-texnika, investitsiya, tashqi iqtisodiy siyosatni o’tkazish, ayrim xizmatlarni markazlashtirish imkoniyatini yaratadi. Xolding boshqa korxonalar aktsiyalarining paketlariga egalik qilish orqali nazoratidagi korxonalarning direktorlar kengashi, boshqaruvi va boshqalar rahbar organlariga o’zi taklif etadigan nomzodlarning saylanishini ta’minlash imkoniyatiga ega bo’ladi. Xoldingning asosiy belgisi bir korxona (bosh korxona) boshqa korxona yoki korxonalar (sho’ba korxonalar) tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni nazorat qilish imkoniyatiga egaligida. Bir qancha korxonalarni boshqarishning Xolding shakli ularning mustaqilligini bekor qilish bilan bir korxonaga birlashtirish, bir markazga to’liq bo’ysundirish va o’zaro faoliyatni muvofiqlashtirish uchun teng huquqli korxonalar assotsiatsiyasini tashkil etish o’rtasidagi oraliq shakl hisoblanadi. O’zining tashkiliy-huquqiy shakliga ko’ra, Xolding, odatda, aktsiyadorlik jamiyati qatoriga kiradi. O’z navbatida, aksariyat hollarda, Xolding aktsiyalariga uning o’zi nazorat qiladigan korxonalar egalik qiladi, bu esa korxonalarning manfaatlarini o’zaro va Xolding kompaniya manfaatlari bilan uyg’unlashtirish imkoniyatini yaratadi. O’zbekistonda 20-asrning 90-yillari o’rtalaridan yoqilg’i sanoatida “O’zneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, mebel sanoatida “Fayz” xolding kompaniyasi; oziq-ovqat sanoatida “O’zmevasabzavotuzumsanoat xolding” kompaniyasi, qishloq xo’jaligi mashinasozligida “O’zqishloqxo’jalikmashxolding” kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat olib boradi. Ko’p hollarda boshqa korxonalar faoliyatini nazorat qiladigan (ularning aktsiyalariga egalik qilish orqali) kompaniyaning o’zigina emas, balki Xolding orqali o’zaro bog’langan yuridik shaxslar majmui ham Xolding deb ataladi.