Hazratqulov Abdukarim
Hazratqulov Abdukarim (1895- 1976) — shahrisabzlik kulol, koshinkor usta; ustazoda. Hunarni otasi usta Hazratqul va amakisi usta Rustam Egamberdiyevdan o’rgangan; g’ijduvonlik usta Muroddan sopol buyumlarga naqsh ishlash usullarini, me’moriy koshinlar tayyorlashni o’zlashtirgan. Hazratqulov Shahrisabz kulolligi an’analarini o’z ijodida davom ettirdi: yengil gulli hoshiya bilan o’ralgan yirik (2-6 ta) aylanalarda “olmalardan tup (daraxt)” yaratadi; mayin sariq, oq, yashil rang tuslari bilan sopolning tabiiy rangi uyg’unligida jo’shqin, ayni paytda nafis tasvirlar ishlaydi. Ifodalilik hamda shaffof yengil oquvchan bo’yoqlar ustaning o’ziga xos uslubini belgilaydi. Hazratqulov ishlaridan namunalar respublika muzeylarida saqlanadi.