Shahrixon-Xo’jaobod gaz – neft koni
Shahrixon-Xo’jaobod gaz – neft koni — Andijon viloyati Xo’jaobod tumanidagi kon. Andijon shahridan 16 kilometr Janubi Sharqda. 1947 yil ochilgan, 1953 yilda foydalanishga topshirilgan. Kon kenglik bo’yicha cho’zilgan Shahrixon tog’ tizmasining g’arbiy qismida, 720-750 metr balandlikda. Shahrixon va Xo’jaobod burmalariga bo’lingan asimmetrik tuzilishga ega bo’lgan antiklinal strukturada joylashgan. Andijon burmasining G’arb tomonida surilma amplitudasi 300-350 metrga yetadi. Konda jami 194 ta quduq qazilgan bo’lib, paleozoy, mezozoy va kaynozoy erasi yotqiziqlari ochilgan. Hozirgi kunga kelib kondagi 1, 3, 8-gorizontlardan tashqari hamma gorizontlardan neft va gaz to’liq chiqarib olingan. 1-gorizont Baqtriya seriyasining quyi qismida 380-720 metr chuqurlikda ochilgan. Asosan, turli o’lchamli qumtoshlardan tuzilgan, konglomerat, alevrolit, gil qatchalari bilan qavatlanadi. Neft uyumi chegarasida gorizont qalinligi 30-40 metr. 3-gorizont Sumsar qatlarining yuqori qismidagi gil jinslar ichida joylashgan mayda zarrali qumtoshlardan tarkib topgan. Qalinligi 16-25 metr, foydali qalinlik 7-10 metr. 3-gorizontdagi qatlam suvlarining minerallashganlik darajasi 6,9—56,7 g/l, xlorkaltsiy tipga mansub. Tarkibida mikrokomponentlardan yod 2,7—13,3 mg/l, brom 1,5—2 mg/l. Kondan hozirgi kunda foydalanilmoqda.