Shahar yer osti xo’jaligi
Shahar yer osti xo’jaligi – shahar kommunal xo’jaligiga va sanoat korxonalarining ishlab chiqarish ehtiyojlariga xizmat ko’rsatish uchun mo’ljallangan yer osti muhandislik-kommunikatsiyasi va yordamchi qurilmalari majmui. Bunga turli quvurlar (truboprovodlar) va kabellar, turar joy, jamoat hamda sanoat binolaridan chiqariladigan va ularga kiritiladigan kommunikatsiyalar, ekspluatatsiya qilinadigan quduqlar, kameralar va boshqalar kiradi. Quvurlar va kabellar ko’pincha qurilgan binolarga parallel holda, tarqatiladigan shoxobchalar muayyan mavze (kvartal) ichidagi hududlar bo’yicha yotqiziladi. Yer osti tarmoqlari (muhandislik kommunikatsiyasi) alohida, birlashtirilgan va kollektorli tarzda joylashtiriladi. Quvurlar va kabellarni alohida joylashtirishda har qaysi tarmoq uchun alohida chuqur (transheya) kovlanadi. Birlashtirilgan usulda joylashtirishda turli maqsadga mo’ljallangan quvurlar pog’ona-pog’ona shaklda bitta chuqurga yotqiziladi. Kollektorli joylashtirishda suv va issiqlik quvurlari hamda kabellar bitta umumiy kollektorga yotqiziladi. Kollektorlar avtomatik shamollatish tizimi bilan jihozlanadi. Kollektorli usulda yotqizilgan quvurlar va kabellarning xizmat muddati boshqa usullardagiga nisbatan ancha katta bo’lgani uchun bu usuldan keng foydalaniladi. Yig’ma temirbeton kollektorlar ancha samarali hisoblanadi. Shahar metropolitenini ham Shahar yer osti xo’jaligiga kiritish mumkin.