“Sharq” nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi

“Sharq” nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi – gazeta-jurnallar, bosma nashrlar chop etish kompleksi. Toshkent shahrida joylashgan. Respublikaning markaziy gazeta va jurnallarini, qattiq va yumshoq muqovadagi kitoblar, broshyuralar, yorliqlar, fotoalbomlar, tasviriy san’at mahsulotlari va boshqalar bosma mahsulotlar chiqaradi. Uning tarixi 1921 yilda tashkil topgan bosmaxona va 1924 yilda tashkil etilgan “Sredazkniga” nashriyotidan boshlanadi. 1924 yildan “qizil O’zbekiston” gazetasining bosh idorasi. 1947 yilda bosmaxona bilan birlashtirilib “qizil O’zbekiston”, “Pravda Vostoka” va “O’zbekistoni Surx” gazetalari birlashgan nashriyoti. 1991 yildan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Ishlar boshqarmasi huzuridagi “Sharq” nashriyot-matbaa kontserniga aylantirildi. 2002 yil oktyabrdan hozirgi nomda. Kompaniyada 1991 yil 9 sentyabrda Bosh tahririyat tashkil etildi. Bosh tahririyat tomonidan “Amir Temur jahon tarixida”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma” kabi nodir kitoblari, “XXI asr o’zbek romani” ruknida o’zbek adiblarining romanlari, saylanmalari, tanlangan asarlari nashrdan chiqarildi. Uning tarkibida “Andijon nashriyot-matbaa”, “ishlab chiqarish-tijorat markazi” tarmoq aktsiyadorlik jamiyatlari, “Sharq ziyokori” aktsiyadorlik jamiyati hamda “ovqatlanish va savdo kombinati” bor. Kompaniyaning ishlab chiqarish quvvati har oyda umumiy adadi 60 million nusxada 80 nomdan ortiq gazeta, 30 nomdagi jurnal, shuningdek, 70,0 ming nusxagacha qattiq muqovali, 230 ming nusxadan ortiq yumshoq muqovali kitoblar va risolalarni chop etish imkoniyatini beradi. Zamonaviy poligrafiya mashinalari va uskunalari bilan jihozlangan. Kompaniya o’zining “Navbahor” sanatoriy-sihatgohi (Toshkent viloyati Qibray tumani) va “Yangiqo’rg’on” istirohat maskani, bolalar sog’lomlashtirish lageri (Toshkent viloyati Bo’stonliq tumani)ga ega. 2004 yilda 66,9 million nusxa gazetalar, 42,0 million rangli-ottisk jurnallar, 115,3 million rangli-ottisk kitoblar va risolalar bosildi. Mahsulot sotish hajmi 8,7 milliard so’mni tashkil etdi. Ad.: Shog’ulomov I., Saodat manzillari, T., 1996.