Sharqiy yevropa platformasi
Sharqiy yevropa platformasi, rus platformasi, Yevropa platformasi — yirik platformalardan biri, yer po’stining qadimiy rifeygacha bo’lgan davriga mansub. Sharqiy va Shimoliy Yevropaning katta qismini egallab, Skandinaviya tog’laridan Uralgacha va Barents dengizidan qora hamda kaspiy dengizlarigacha cho’zilgan. Platforma chegarasi shimoli Sharq va shimolda Timan kryaji bo’ylab hamda Kola yarim oroli qirg’oqlaridan, Janubi g’arbda esa — O’rta Yevropa tekisligida Varshava yaqinidan, shimoli g’arbda Boltiq dengizi va Yutlandiya yarim orolining shimol qismidan o’tadi. Sharqiy yevropa platformasida rifeygacha bo’lgan burmalangan qadimiy kristalli zamin bilan uning ustida yotgan cho’kindi jinslar qoplami ajralib turadi. Zamin platformaning faqat shimoli g’arbida (Boltiq qalqoni) va Janubi g’arbidagina (Ukraina qalqoni) yer yuzasiga chiqib yotadi. Qolgan katta maydonda u cho’kindi yotqiziqlari bilan qoplangan. Sharqiy yevropa platformasining zaminida kuchli metamorflashgan va burmalangan cho’kindi hamda magmatik jinslar bo’lib, bu jinslar katta maydonlarda gneys va kristalli slaneslarga aylangan. Platforma zaminining aksari qismi (g’arbiy chekkasi bundan istisno) yuqori proterozoy boshlarida (1600 million yil oldin) shakllangan. Sharqiy yevropa platformasi tarixida 2 yirik davr ajralib turadi. 1-davr arxey, quyi va o’rta proterozoy davrlarini (3500— 1600 million yil) o’z ichiga oladi, bunda kristalli zamin shakllangan; 2-davrda (yuqori proterozoydan antropogengacha) esa platformaning o’zi rivojlanib, cho’kindi qoplam va hozirgi struktura hosil bo’lgan. Paleozoy davrining oxirlarida Sharqiy yevropa platformasining strukturalari qayta tiklanishi natijasida yer sathining katta qismi qo’tarilgan. Bunga Sharqda sodir bo’lgan Ural-Tyanshan geosinklinal mintaqasidagi gersin davrining burmalanish harakati ta’sir ko’rsatgan. Zamindagi foydali qazilmalar: temir rudasi (Krivoy Rog havzasi, Kursk magnit anomaliyasi, Kiruna), nikel, mis, titan rudalari, slyudalar, pegmatitlar apatit va boshqalar cho’kindi qoplamda yonuvchi gaz va neft qatlamlari (Volga — Ural anteklizasi, Pripyat botig’i), tosh tuzi va kaliy tuzi konlari (Kama, Ural oldi, Pripyat botig’i), qazilma ko’mir (Lvov, Donesk, Moskva yoni havzalari), fosforit, boksit, qurilish xom ashyosi (ohaktosh, dolomit, gil va boshqalar) konlari, shuningdek, chuchuk va mineral suvlar bor.