Sharipov Jumaniyoz
Sharipov Jumaniyoz (1911.25.10, Xiva) — yozuvchi, tarjimashunos olim. Filologiya fanlari doktori (1968). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi (1971). 2-jahon urushi qatnashchisi (1941-43). Samarqanddagi pedagogika akademiyani tugatgan (1932). Maorif xalq komissarligi metodika ilmiy Kengashining mas’ul rahbari (1932-34), til va adabiyot instituti aspiranti (1935-37). O’quv pedagogika nashriyoti direktori (1937-40; 1949— 52), O’zbekiston KP MK madaniyat bo’limi mudiri (1941-43; 1943-45), O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining mas’ul kotibi (1945-49). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi nashriyotining direktori (1952-59), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim (1959-70), sektor va bo’lim mudiri (1970-78), katta ilmiy xodim (19782002). Ilk kitobi — “yolqinli she’rlar” (1931). “Adabiyot darsligi” (1933), “Maksim Gorkiy” (1948) dostoni, “saodat” (1958) qissasi nashr etilgan. “Xorazm” (1-kitob, 1960; 2-kitob, 1970; 3-kitob, 1974; 4-kitob, 1976) tetralogiyasida Asfandiyorxon hukmronligi (1910-18) va fuqarolik urushi davrida Xorazmliklarning og’ir hayoti, o’lkada Sovet hokimiyatining o’rnatilishi voqealari aks ettirilgan. “O’zbekistonda tarjima tarixidan” monografiyasida o’zbek adabiyotida eng qadimgi davrlardan to 20-asrga qadar yaratilgan tarjimalar o’rganilgan. Sharipov tarjima tarixi va nazariyasi, tarjimonlar mahorati yuzasidan ko’plab risola va maqolalar e’lon qilgan. Sh.Rustaveli, A.S.Pushkin, Mahtumquli, M.Gorkiy, S.Stalskiy, B.Kerboboyev va boshqalarning ayrim asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. As: badiiy tarjimaning ba’zi masalalari, T., 1957; O’zbekistonda tarjima tarixidan, T., 1965; badiiy tarjimalar va mohir tarjimonlar, T., 1972; Xorezm, 1-3 kn., M., 1968-76.