Rahimov Nabi
Rahimov Nabi (1911.7.11, Qo’qon 1994.23.11, Toshkent) — O’zbekiston xalq artisti (1950). O’zbek davlat drama teatri qoshidagi drama studiyasida o’qigan (1929). 14 yoshidan Qo’qon teatri spektakllarida qatnashgan. 1929-94 yillar Hamza teatrida ishlagan. Rahimov xarakterli va hajviy rollarni alohida muvaffaqiyat bilan o’ynagan, lekin aktyor repertuarida dramatik fojiaviy obrazlardan tortib, lirik qahramonlargacha mavjud. Uning sahna obrazlarida milliy xalq teatri an’analari zamonaviy professional san’at tajribasi bilan uyg’unlashib ketgan. U yaratgan obrazlarda hozirjavoblik, o’tkirso’zlik, hazil va badihaga chapdaslik asosiy omil bo’lib, yorqin milliy kolorit, engil yumori, tashqi ko’rinishining aniq ifodasi, mukammal ijrosi bilan ahamiyatlidir. Rahimov garchi o’z faoliyatini komik va xarakterli aktyor sifatida boshlagan bo’lsada, keyinchalik mavjud yo’nalishlarning barchasidan eng yaxshi xususiyatlarni o’zlashtirish va o’z uslubiga singdirish yo’lidan bordi. “Xolisxon”da Norboyvachcha, “ona”da Boltaboy, “mehmonxona bekasi”da Rippofratta, “Revizor” da Xlestakov, “uylanish”da Bobchinskiy, “shohi so’zana”da Qo’ziyev, “og’riq tishlar”da Marasul, “Hamlet”da Laert kabi obrazlarni 30-50-yillarda yaratdi. Ayniqsa, “Otello”dagi Yago obrazi aktyor yaratgan eng sara obrazlar sirasiga kiradi. Yago obrazi aktyor ijodida nainki satiric tusli, balki kuchli ruhiydramatik kechinmalar namunasidir. Bo’riboy (“Tog’a va jiyanlar”), bobo Kayfiy (“Mirzo Ulug’bek”), Shokir ota (“qutlug’qon”), Olbeni (“Qirol Lir”) kabi 60-yillarda yaratgan obrazlari eng yaxshi psixologik kuchli rollardir. Keyingi yillar yaratgan Urganjiy (“Buxoro”), Sayd Karimov (“Komissiya”), Ota (“G’ariblar”), Sa’diyev (“o’n uchinchi rais”) singari obrazlari ijtimoiy o’tkirligi, jisman sokin, ruhan jo’shqinligi, chuqur psixologik talqini bilan alohida e’tiborga molikdir. Urganjiy obrazi Rahimov ijrosidagi eng murakkab va barkamol obrazlardan biri. Aktyorning o’tkir ijrosi, murakkab ruhiy kechinmalarni yuzaga chiqarishi, bosiq ohanglar bilan juda katta ma’noga erishishi diqqatga sazovordir. Rahimov o’zbek kinosi rivojiga salmoqli hissa qo’shganlardan: Aliyev (“stadionda uchrashamiz”), Turdiyev (“Maftuningman”), choyxonachi (“41-yil olmalari”), bobo Kayfiy (“Ulug’bek yulduzi”), Shoqosim (“qutlug’qon”), usta olim (“O’tgan kunlar”), Shoh (“Semurg'”), Safar bo’zchi (“Mehrobdan chayon”), usta Boqi (“Kelinlar qo’zg’oloni”) va boshqa obrazlari biklan kino oltin fondidan o’rin oldi. Shuningdek, videofilm va telespektakllarda ham suratga tushgan: “Kutlug’qon” (Yormat ota), “diyonat” (professor Shobaratov), “hamma narsa odamlarga qoladi” (akademik Drozdov), “Bobur” (Muhammadjon) va boshqalar shular jumlasidan. Rahimov haqida “Nabi Rahimov hayotida ikki kun”, “uchrashuv” videocherklari ishlangan. 1950-65 yillar san’at institutida dars bergan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1967). Ad. H.Rizaev O., Nabi Rahimov, T., 1997. Omonulla Rizayev.