Rangli televideniye
Rangli televideniye — tasvirlarni o’z tabiiy rangida uzatish va tomosha qilishga imkon beradigan televideniye. Rangli televideniye tabiiy ranglarning qizil, ko’k va yashil ranglarga ajratish xossasiga asoslangan. Rangli televideniyeda ham tasvir elementlari (nuqtalar) galmagal uzatiladi. Juda mayda detallar oq-qora rangda, o’rtacha detallar 2 rangda, yiriklari 3 rangda uzatiladi. Rangli televideniye kamerasida ob’ektdan qaytgan nurni 2 ta maxsus ko’zgu qizil, ko’k va yashil nurlarga ajratadi, bu nurlar tegishli elektronnur trubkaga yo’naladi (har qaysi rangdagi nur boshqaboshqa trubkaga boradi). Trubkalar chiqishida rangli videosignallar (I, ik va Iya) hosil bo’ladi. Bular kuchaytirilib, kodlovchi qurilmaga o’tkaziladi. Bu yerda maxsus o’zgartirgich signallarni 3 signalga: yorqinlik signaliga va ranglarni uzatish uchun mo’ljallangan 2 signalga ajratadi. Yorqinlik signali I, uchta rang tashkil etuvchilardan hosil bo’ladi. Ranglarni uzatish uchun mo’ljallangan signallar tegishli ranglar nisbati (masalan, iq— IE va ik— IE) dan tuziladi. Bu signallar eltuvchi chastotali qo’shimcha kuchlanishni modulyasiyalaydi. Bunday kuchlanish yorqinlik signali bilan birga umumiy aralashtirgichga uzatiladi. Radiouzatkich umumiy signallarni efirga tarqatadi. Rangli televideniye signallarini qabul qilish uchun 3 nurli qabul qiluvchi elektronnur trubka (kineskop) o’rnatilgan maxsus rangli televizordan foydalaniladi. Radiouzatkich efirga tarqatgan signallar rangli televizorda tegishli signallarga ajratilib, ranglar joy-joyiga tushiriladi. Rangli televideniyeda tovush xuddi oq-qora televideniyedagidek uzatiladi va qabul qilinadi. Rangli televizorda oq-qora tasvirlarni ham ko’rish mumkin. Oq-qora televizorda ham Rangli televideniye dasturlarini oqqora rangda ko’rsa bo’ladi. Birinchi Rangli televideniye loyihasini rus ixtirochisi I.A. Adamian 1907-08 yil taklif qilgan. Bunda tasvir nuqtalari qizil, ko’k va yashil yorug’lik filtrlari orqali uzatilgan, qabul qilish joyida ham tasvir xuddi shunday filtrlar orqali ko’rilgan. 1929 yil “Amerikan telefon end telegraf Kompani” (AQSh) laboratoriyasida rangli signallar uchta mustaqil kanal orqali uzatilgan. Rangli televideniyening mukammalroq elektron tizimi 1951 yil AQSh da ishlab chiqilgan; AQSh da Rangli televideniye 1954 yildan muntazam ishlay boshladi. SSSR da 1956 yildan Leningrad televideniye markazi, 1959 yildan Moskva televideniye markazi Rangli televideniye dasturlarini namoyish qila boshladi. 1966 yil sovet-frantsuz tizimi “SECAMIII” yaratildi va 1967 yil qo’llana boshladi. 1967 yildan Germaniya, Buyuk Britaniya va G’arbiy Yevropaning boshqa shaharlarida PAL tizimidagi Rangli televideniye ko’rsatuvlari berila boshladi. O’zbekiston televideniyesi Rangli televideniye dasturlarini 1970 yil ko’rsata boshladi. Rangli televideniyening 3 tizimi (SECAM, NTSC va PAL) ma’lum (2004). Ular bir-biridan televizion signallarni hosil qilishi bilan farqlanadi. Ergash Komilov.