Rahimov Karim
Rahimov Karim (1917.6.11, Xiva 1991.15.10, Urganch) — raqqos, aktyor, rejissyor. O’zbekiston xalq artisti (1964). 2-jahon urushi qatnashchisi. Hamza teatri qoshidagi drama studiyasini tugatgan (1937). 1937-90 yillar Ogahiy nomidagi Xorazm teatrida ishladi. U teatrda raqqoslik qilish bilan birga bir qancha spektakllarda esda qolarli obrazlar ham yaratdi: Domla, Hidoyatxon (Hamza, “boy ila xizmatchi”, “maysaraning ishi”), Mansur (I. Sulton, Uyg’un, “Alisher Navoiy”), Vurm (V. Shiller, “makr va muhabbat”), Niyoz (Abdulmo’minov, “shikoyatga o’rin yo’q”), Mulla Bashir (S. Jamol, “Guli siyoh”), Qirol (U. Shekspir, “Hamlet”), Imom (H. G’ulom, “Toshbolta oshiq”) va boshqalar shular jumlasidan. “Chin muhabbat” (O. Yoqubov), “Tog’a-jiyanlar” (R. Bobojon), “Paranji sirlari” (Hamza), “oshiq G’arib va Shohsanam” (A. Bobojon) kabi spektakllarni sahnalashtirgan. Xorazmning Qo’shko’pir, Yangiariq tumanlarida ansambllar tuzgan.