Rahmadiyev Erkegali
Rahmadiyev Erkegali (1930.1.8, hozirgi Sharqiy Qozog’iston viloyati Chubartaus tumani) — qozoq kompozitori, pedagog. Qozog’iston xalq artisti (1975). Milliy kompozitorlik maktabi asoschilaridan. Olmaota konservatoriyasini tugatgan (1957). Olma-ota konservatoriyasi rektori (1967-75), professor (1979 yildan), Qozog’iston kompozitorlari uyushmasi raisi (1968-91), Qozog’iston Respublikasi Madaniyat vaziri (1991-93). Orkestr uchun yaratgan “Omongeldi” (1956), “Dayrabay” (1963), “Qudashaduman” (1973) va boshqa partituralar milliy cholg’u (do’mbira) kuylariga xos uslubiy an’analar va Yevropa simfonizmi uyg’unligiga asoslangan. Ijodida yirik mavzu va keng ko’lamli janrlarga izchil murojaat etgan: “Qamar suluv” (1963), “Alpamis” (1973), “Ablayxon” (1999) va boshqa operalar, “qayran Mayra” (1986) musiqali dramasi va boshqalar. Xor asarlari, qo’shiqlar, kamercholg’u asarlar, kinofilmlar uchun musiqalar yozgan.