Radiopelengator

Radiopelengator (radio… va gollandcha peling — yo’nalish) — uzatuvchi radiostantsiya yo’nalishini aniqlashga (pelenglashga) imkon beradigan radioqabul qurilmasi. Radiopelengator pelenglanayotgan ob’yektdan tarqalayotgan radioto’lqinlarni qabul qiluvchi antenna — fiderli tizim (AFS) va qabul qiluvchi indikatordan iborat. Indikatorda qabul qilinayotgan radioto’lqinlar AFS da hosil qilayotgan o’zgaruvchan elektr yurituvchi kuchlarning amplitudalarini taqqoslash (amplituda usuli bilan radiopelenglashda) yoki fazalar farqini o’lchash (fazaviy usul bilan radiopelenglashda) natijasida pelenglanayotgan ob’yekt yo’nalishi bilan hisob boshi deb qabul qilingan asosiy tekisliklar orasidagi burchaklar haqida ma’lumot olinadi. Universal (ikki koordinatali) Radiopelengatorda bu yo’nalishni aniklovchi ikkala burchak, azimutal Radiopelengatorda ulardan bittasi (azimut) o’lchanadi. Dengiz navigatsiyasida Radiopelengator yordamida azimutni o’lchash radiopelenglash deyiladi. O’lchash ishlarining avtomatlashganlik darajasiga qarab, Radiopelengator noavtomatik (tovushli) — pelenglash ob’ektining signallari minimal va maksimal eshitilishiga qarab indikatsiyalaydigan; yarimavtomatik (vizual) — strelkali indikatorli yoki elektronnurli indikatsiyalaydigan; avtomatik — o’lchanadigan parametrlarni raqamli hisoblaydigan xillarga bo’linadi. Antenna xillarining o’ziga xosligi va amplituda usuli bilan radiopelenglashga asoslangan yo’nalishli qabul hodisasini A. S. Popov qayd qilib o’tgan. Radiopelengator radioastronomiya, meteorologiya, dengiz, havo va kosmik navigatsiyada keng qo’llaniladi.