To’rayev Ishoq Latipovich
To’rayev Ishoq Latipovich (1960. 24.2, Shaxrisabz tumani)—aktyor, rejissyor. O’zbekiston Respublikasi san’at arbobi (1998). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1983). O’z faoliyatini 1976-77 yillarda Shaxrisabz xalq teatrida havaskor aktyor sifatida boshlagan. 1983-85 yillar Surxondaryo teatrida, 1985-87 yillar Qashqadaryo teatrida aktyor. 1991—93-yillarda “muloqot” teatrstudiyasida aktyor, rejissyor yordamchisi sifatida faoliyat ko’rsatgan. 1993 yildan “Eski machit” teatrstudiyasining badiiy rahbari. “Ayol apvasti yoxud haroratli ayiq” (P. Merime), “Shayx San’on” (o’zi Shayx San’on rolida, F. Attorning “Mantiq uttayr”, Navoiyning “Lison uttayr” dostonlari asosida), “Nayman ona nidosi” (Jo’lamon rolida, Ch. Aytmatovning “asrga tatigulik kun” asari asosida, “Qobil va Hobil” (Qobil rolida, Bayronning “Kain” asari asosida), “Raqsu samo'” (Shoh Bahrom rolida, Navoiyning “Sab’ai sayyor” asari asosida) kabi spektakllarni sahnalashtirgan. “Manqurtlarga bermang dunyoni” nomli teatrlashgan tomoshasi mamlakatimizning barcha viloyatlarida namoyish etildi.