Hunarmandchilik, hunarmandlik
Hunarmandchilik, hunarmandlik — milliy-an’anaviy mayda tovar ishlab chiqarish, oddiy mehnat qurollari yordamida yakka tartibda va qo’l mehnatiga asoslangan sanoat turi; shunday mahsulotlar tayyorlanadigan kasblarning umumiy nomi. Yirik sanoat ishlab chiqarishi vujudga kelishiga qadar keng tarqalgan, ayrim sohalari keyin ham saqlangan. Kam rivojlangan mamlakatlarning xalq xo’jaligida hozir ham muhim o’rin egallaydi. Hunarmandchilik insonning ishlab chiqarish faoliyati bilan vujudga kelib, jamiyat rivojlanishi davomida asta-sekin dehqonchilik va chorvachilikdan ajralib chiqdi, turli ijtimoiy-tarixiy davrlar doirasida texnika rivoji bilan aloqador holda takomillasha bordi, turli ixtisosliklar (kulollik, duradgorlik, temirchilik, misgarlik, binokorlik, toshtaroshlik, o’ymakorlik, kashtado’zlik, ko’nchilik, tikuvchilik, to’quvchilik, zargarlik, degrezlik, rixtagarlik, zardo’zlik, bo’yoqchilik, kemasozlik, tunukasozlik va boshqalar)ga ajraldi. Hunarmandchilik qanday tabiiy resurslarning mavjudligiga qarab, masalan, paxta va pilla bor yerda to’qimachilik, sifatli xom ashyo bor yerda (masalan, Rishtonda) kulolchilik, jun va teri ko’p erda to’qimachilik va ko’nchilik, shunga qarab kosibchilik, o’rmonlar ko’p yerda yog’ochsozlikni ma’danlarga boy yerlarda metall ishlab chiqarish va temirchilik, dengiz va daryo bo’ylarida kemasozlik va boshqalar rivoj topgan. Jamiyat taraqqiyoti bosqichlari, mehnat taqsimoti bilan aloqador holda Hunarmandchilikning 3 turi shakllangan: 1) uy hunarmandchiligi; 2) buyurtma bilan mahsulot tayyorlaydigan Hunarmandchilik; 3) bozor uchun mahsulot tayyorlaydigan Hunarmandchilik. Uy hunarmandchiligi kapitalizmga qadar bo’lgan davrlarda Hunarmandchilikning eng ko’p tarqalgan turi bo’ldi. Hunarmandchilikning bu turi natural xo’jalikning ajralmas qismi hisoblanadi. Shaharlar rivoji buyurtma bilan Hunarmandchilik mahsulotlari tayyorlash va bozorga Hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarishning jadal o’sishi bilan uzviy bog’liq. Natijada Hunarmandchilik mahsulotlari tovarga aylandi, Tovar ayirboshlash uchun ishlab chiqariddi. Davr taqozosi bilan Hunarmandchilikning yangi-yangi turlari vujudga keldi. Hunarmandlar ham turli mahsulotlar tayyorlash bo’yicha ixtisoslasha bordilar. Shaharlardagi mahallalar hunarmandlarning kasb-koriga qarab shakllangan (masalan, 20-asrning boshlarida Toshkentda ko’nchilar, kulollar, egarchilar, beshikchilar, o’qchilar, kosiblar mahallalari bo’lgan). Ayrim mahalla, kvartal, shahar, o’lkalar Hunarmandchilikning ma’lum mahsulotlari bilan shuhrat qozona boshladilar. Hunarmandchilik tovar — pul munosabatlariga kengroq va chuqurroq tortilganligi sari tabaqalashdi. Uddaburon va serharakat hunarmandlar boyib dastlabki kapital jamg’arilishi tufayli kapital sohibiga aylandi va ularning ustaxonalari negizida kichik zavod va fabrikalar vujudga keldi, bu korxonalarda kambag’allashgan hunarmandlar yollanib ishlay boshladi. Natijada Hunarmandchilikning rivoji bozor iqtisodiyotining kapitalistik shaklini yuzaga keltirdi. Hunarmandchilik Yevropa shaharlarida sanoat rivojiga ham o’z hissasini qo’shdi (to’qish dastgohlari takomillashdi, 14-asr o’rtalarida Germaniyada domna pechlarining paydo bo’lishi metallurgiyapa jiddiy o’zgarishlarga olib keldi. 14-15-asrlarda o’q otar qurollar ishlab chiqarila boshlandi). Kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlari Hunarmandchilikning keying taraqqiyotiga zarba berdi, Hunarmandchilikning ko’pgina sohalari tushkunlikka uchradi. Sanoat to’ntarishi oqibatida tez va arzon ommaviy ishlab chiqarila boshlagan fabrika, zavod mahsulotlari Hunarmandchilik mahsulotlarini bozordan siqib chiqardi. Rivojlangan mamlakatlarda yakka buyurtmalar va qimmatbaho badiiy buyumlar tayyorlaydigan Hunarmandchilik sohalarigina (tikuvchilik, etikdo’zlik, gilamchilik, zargarlik, o’ymakorlik va boshqalar) saqlanib qoldi. 20-asr boshlarida esa mashinalashgan ishlab chiqarish keng yo’lga qo’yilishi bilan Hunarmandchilik mahsulotlarining tur tarkibi va ishlab chiqarish hajmi keskin kamaydi. 20-asr davomida va 21-asr boshlariga kelib yirik industrial ishlab chiqarish qaror topgan bo’lsa-da, Hunarmandchilikning mavqei saqlanib qoldi. Hunarmandchilikning bozorda segmenti kichik bo’lganidan yirik ishlab chiqarish egallay olmaydigan, talab individuallashgan o’z o’rni bor. Mini texnologiyaning paydo bo’lishi Hunarmandchilikda tovarlarni yakka tartibda va sifatli ishlab chiqarish imkonini beradi. Bunga milliy ust-boshlar, milliy cholg’u asboblari, mayda asbob-uskunalar, turli yodgorlik buyumlari ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatishni kiritish mumkin. Hozirgi Hunarmandchilik kichik biznes tarkibidagi yakka mehnat faoliyati va oilaviy korxonalardan iborat. O’zbekiston hududida neolit davridayoq Hunarmandchilikning dastlabki muhim tarmog’i hisoblangan sopol buyumlar ishlab chiqarish va to’qimachilik vujudga keldi (Xorazm vohasidagi Kaltaminor madaniyati, Surxondaryodagi Sopollitepa va boshqalar). Miloddan avvalgi 2-asrdan boshlab Hunarmandchilik mahsulotlari savdosida Buyuk ipak yo’li muhim ahamiyatga ega bo’ldi. O’rta asrlarda Sharq mamlakatlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar (Arab xalifaligida po’lat, O’rta Osiyo va Hindistonda shoyi, chinni, qog’oz) Yevropa bozorlarida qadrlandi. Hindistonda paxtadan nafis mato, Xitoyda ipak mato to’qiydigan dastgohlar vujudga keldi, Xitoy va O’rta Osiyoda shisha tayyorlash texnologiyasi takomillasha bordi. 9-10-asrlarda O’rta Osiyoda yirik Hunarmandchilik markazlari paydo bo’ldi. Ip mato, gilam (Urganch, Shosh), shoyi (Marv), mis va temirdan yarog’-aslaha, pichoq tayyorlash (Farg’ona), shoyi matolar, shisha mahsulotlari tayyorlash (Buxoro) avj oldi. 13-asrda mo’g’ullar bosqini Hunarmandchilik rivojiga zarba berdi. Temuriylar davlatining vujudga kelishi Hunarmandchilik rivojiga juda katta ijobiy ta’sir ko’rsatdi. O’rta Osiyoda Hunarmandchilikning barcha turlari 20-asrning 20-yillarigacha saqlandi. Buxoro, Samarqand, Qo’qon, Xiva, Toshkent kabi shaharlarning ishlab chiqarish munosabatlarida hunarmandlik katta rol o’ynadi (masalan, 19-asrning 60-yillarida Xivada Hunarmandchilikning 27 turi rivoj topgan, shahardagi bozorlarda hunarmandlarning 556 do’koni bo’lgan, 80-yillarda shaharda 2528 xo’jalik Hunarmandchilik bilan shug’ullangan). O’zbekistondagi Hunarmandchilik chuqur ixtisoslashgan bo’lib, o’zida xilma-xil kasb-korlarni birlashtirgan. Masalan, terini qayta ishlash sohasida ko’nchilar, etikdo’zlar, maxsido’zlar, kovushchilar, egar-jabduqchilar, telpakchilar, po’stinchilar, kamarchilar; to’qimachilik sohasida bo’zchilar, atlaschilar, gilamchilar, sholcha va namatchilar; metallni ishlash sohasida temirchilar, taqachilar, misgarlar, chilangarlar, zargarlar kabi kasblar bo’lgan. Bular Hunarmandchilikning tarmoq strukturasini belgilangan. Sharqdagi musulmon ustaxonalarida bo’lgani kabi O’zbekistonda chevarlik, kashtachilik bilan ayollar uyda o’tirib shug’ullanishgan. Hunarmandchilikning ijtimoiy strukturasida usta, xalfa va shogird kabi ijtimoiy toifalar mavjud bo’lgan. Hunarmandchilikning ichki tartib va qoidalarini uning nizomi sifatidagi “risolalar” belgilab bergan. Har bir kasbning o’z rahnamosi, ya’ni piri va “risolasi” bo’lgan, avloddan-avlodga o’tuvchi odatlari va udumlariga rioya etilgan. Masalan, ish boshlashdan oldin usta o’z pirini yodga olib undan madad so’rash, shogirdiga fotiha berish kabi odatlarga amal qilingan. O’zbekiston Rossiya mustamlakasiga aylangach, Hunarmandchilik metropoliya sanoatining raqobatiga duch kelib, o’zining ilgarigi mavqeini yo’qotgan bo’lishiga qaramay, uning ko’p tarmoqlari saqlanib qoldi, chunki u milliy ehtiyojni qondiradigan tovarlarni, chunonchi, kiyim-kechak, idish-tovoq, turli uy-ro’zg’or buyumlari, mayda mehnat qurollarini yaratib, ularni mahalliy bozorga yetkazib berdi. Hunarmandchilikning yashovchanligini ta’minlashda chet eldan keltirilgan xom ashyo, materiallar, kichik uskunalar muhim rol o’ynadi. Masalan, AQShdan keltirilgan teri bo’yog’idan foydalanib ko’nchilar amirkon deb nomlangan yupqa charm ishlab chiqara boshladi. Shu munosabat bilan amirkon etik, mahsi va kovushlar paydo bo’ldi. Germaniyadan “Zinger” firmasining tikuv mashinalari keltirilishi bilan tikuvchilik (chevarlik) keng yoyildi. 20-asrning 20-yillarida sho’rolar hokimiyati qaror topishi bilan hunarmandlarning asosiy qismi dastlab artellarga, keyinchalik, zavod, fabrikalarga, badiiy buyumlar korxonalariga jalb qilindi. Ularga xom ashyo, material, asbob-uskunalar davlat tomonidan yetkazib beriladigan, yaratilgan mahsulotlar do’konlar va matlubot kooperatsiyasi orqali sotiladigan bo’ldi. Iste’dodli hunarmandlar ijodiy tashkilotlarga qabul qilindi, amaliy bezak san’ati rivojlantirildi (masalan, 30-yillarda Toshkentda o’quv iahlab chiqarish kombinati tashkil etilib, yosh hunarmandlar unda ta’lim oldilar, 1968 yilda Buxoroda kandakorlar maktab ustaxonasi, 1978 yilda Qo’qonda yog’och o’ymakorligi maktab ustaxonasi tashkil topdi). O’zbekiston mustaqillikni qo’lga kiritgandan so’ng Hunarmandchilik rivojida yangi davr boshlandi, xalq hunarmandchiligi bozor qoidalari zamirida qaytadan tiklandi. O’zbekistonda mahalliy sanoat korxonalarining birinchilar qatori xususiylashtirilishi natijasida mayda davlat korxonalari hunar-mandlarning xususiy korxonalariga aylantirildi, yangi Hunarmandchilik korxonalari ochildi. Hunarmandchilik faqat ichki bozorga emas, balki eksportga ham ishlay boshladi. Hunarmandchilikning tashkiliy shakli ham o’zgardi: kichik oilaviy korxona, yakka tartibdagi mehnat faoliyati shaklida rivojlana bordi. 1995 yil 24-25 oktabrda Toshkentda BMTning O’zbekistondagi doimiy vakolatxonasi bilan amaliy hamkorlikda O’zbekiston xalq ustalari va hunarmandlari 1-Respublika yarmarkasi o’tkazildi. 1997 yilda respublika xalq amaliy san’ati va hunarmandlari ustalarining “Usto” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi tashkil topdi. Respublika Prezidentining 1997 yil 31 martidagi “Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’atini yanada rivojlantirishni davlat yo’li bilan qo’llab-quvvatlash chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni va boshqa tadbirlar O’zbekistonda Hunarmandchilikning tiklanishi va yanada rivojlanishida, uning unutilgan ba’zi turlarini qayta tiklashda muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Hunarmandlar dastlab O’zbekiston tovar ishlab chiqaruvchilar palatasiga, so’ngra Savdo-sanoat palatasiga kirdilar. Ular maxsus tashkilot — “hunarmand” Respublika uyushmasiga birlashtirildi. Hunarmandchilik sub’yektlari O’zbekistonda tadbirkorlar, hunarmandlar va fermer xo’jaliklarining har yili o’tkaziladigan “tashabbus” respublika ko’rik-tanlovida ishtirok etadilar. 1996-2005 yillar mobaynida 10 nafar hunarmand xalq Hunarmandchilikida erishgan yutuqlari uchun “tashabbus” tanlovining g’olibi deb topildi. Ld.: Gavrilov M.F., Risolya sartovskix remeslennikov, T., 1912; Razvadovskiy V.N., Ogsht issledovaniya kustarnmx promnslov v Turkestanskom krae, T., 1916;tursunov I.O., Iz istorii gorodskogo remesla Severnogo Tadjikistana, Dushanbe, 1974; Kastelskaya Z.D., Iz istorii Turkestanskogo kraya (1865— 1917), M., 1980; Bulatov S. O’zbek xalq amaliy bezak san’ati, T., 1991; Asqarov A., O’zbekiston tarixi [eng qadimgi davrlardan 5-asrgacha| T., 1994; Jab-borov I., Antik madaniyat va ma’naviyat xazinasi, T., 1999. Axmadjon O’lmasov, Nuriddin Musayev, Oybek Ostonov.