Humoyun
Humoyun (1508.6.3 – 1556.27.1) -boburiylar davlati hukmdori (1530— 40, 1555-56). 1530 yil Humoyun otasi Boburning Hindistondagi mulklariga ega bo’lgan. Sekin-asta Gujarot, Rajputan, Malvani o’z davlatiga qo’shib olgan. Lekin o’sib borayotgan ichki nizolar va ukalari Mirzo Komron, Mirzo Feruz, Askariy Mirzo va Hindol Mirzolarnint mustaqillikka intilishlari davlatni zaiflashtirgan. Bundan foydalangan afg’onlarning Suriylar sulolasidan Shershoh Suriy Chausa shahri (1539) va Qanovuj shahri (1540) yaqinida Humoyun qo’shinini yengib, Dehlini egallagan. Humoyun Eronga qochib o’tgan. Eronning harbiy yordami bilan Afg’onistonni o’z tasarrufiga olgan. 1541 yil ukasi Hindolning piri bo’lmish Mir Ali Akbar Jomiyning qizi Hamida bonuga uylangan. 1542 yil Akbar tug’ilgan. Shershoh o’limidan keyin (1545) shimoliy Hindistonda boshlangan nizolar mamlakatni siyosiy jihatdan parchalab tashlagan. Sharoitdan foydalanib Humoyun Hindistonga yurish boshlagan va 1555 yil 27 may kuni sirxindda bo’lib o’tgan shiddatli jangda afg’onlar engilganlar. Bu g’alaba shimoliy Hindistonda 2-marta Boburiylar sulolasi hukmronligining o’rnatilishini ta’minlagan. Humoyun o’z kutubxonasi zinasidan tushib ketayotganda vafot etgan. Humoyun Hindistonda bir necha ma’muriy islohotlar o’tkazgan. Uning davrida Mir Sayid Ali boshchiligida miniatyura maktabi yuzaga kelgan. Humoyun fors va turkey tillarda she’rlar yozgan. Akbar tomonidan Dehli shahrida Humoyun maqbarasi qurilgan. Gulbadan begim Bobur va akasi Humoyun haqida “Humoyunnoma” asarini yozgan. Ly..Gulbadan begim . Humoyunnoma, T., 1959; 1977; 1997.