Husnbuzar

Husnbuzar — yog’ bezlari faoliyatining buzilishi natijasida teriga turli xil toshmalar toshishi. Bir necha xil Husnbuzar bor. Oddiy Husnbuzar (yigit guli) ko’pincha yigit-qizlar balog’atga yetish davrida yuz, ko’krak va ensa terisida paydo bo’ladi. Bu davrda yog’ bezlari zo’r berib ishlaydi. Yuz, ko’krak va yelkalarda yog’li seboreya alomatlari kuzatilib, teri yaltirab turadi, undagi mayda teshiklar kengayib, ko’zga tashlanadigan bo’lib qoladi, ba’zi yerlarda teri apelsin po’stiga o’xshab ko’rinadi. Shu teshiklarga va soch xaltachalariga yog’yig’ilib qolishi natijasida qora nuqtalar paydo bo’ladi, ular sitilsa, yig’ilib qolgan yog’chuvalchangga o’xshab buralib chiqadi. Agar shu yog’ga yiring paydo qiluvchi mikroblar tushsa, yallig’lanish jarayoni rivojlanadi. Teri qizarib shishadi va sizlog’ich paydo bo’lib, kattalashadi, og’riydi, o’rtasidan soch chiqib turadi, madda boylaydi, keyinchalik u yorilib, ichidan yiring chiqadi. Bora-bora o’rnida qoramtir dog’qoldirib, yo’qolib ketadi. Ba’zan terining chuqur qavatida yog’ yig’ilib, shish paydo bo’ladi va yiring boylaydi, keyinchalik pishib yoriladi, oxiri chandiq hosil qilib, bitib ketadi. Erkaklarda ko’pincha yig’ilgan Husnbuzar uchraydi va uzoq vaqt turadi, yallig’lanish alomatlari uncha kuchli bo’lmaydi. U bir yerda bitib, boshqa yerdan chiqaveradi; 30-35 yoshda ancha kamayadi. Yog’bezidan ko’plab ajralib chiqayotgan yog’teri yuzasiga chiqib ketolmay, bezning biron yerida yig’ilib qoladi. Shu bez yaqinidagi teri muguz qavatining hujayralari ham qo’shilib, yog’bezi yo’lini butunlay berkitib qo’yadi va moshdek, ba’zan esa undan kattaroq oq tuguncha hosil qiladi, bu oq Husnbuzar deb ataladi. Oq Husnbuzar, odatda, yallig’lanmaydi, kishiga azob bermaydi, faqat yuz husnini buzadi; u ko’pincha peshanada uchraydi. Neft mahsulotlari va yonilg’ilar bilan ishlovchi ishchilar tirsagida, ba’zan terining boshqa ochiq joyida yog’bezlarining kovaklari ochiladigan teshiklarga neft, yonilg’i, ko’mir changlari yig’ilib, yog’bezlari yo’lini bekitib qo’yadi va Husnbuzar paydo qiladi. Bu kasbga aloqador Husnbuzar dir. Nerv sistemasi, ichki sekresiya bezlari faoliyatining buzilishi, sil, me’da-ichak kasalliklari tufayli ham Husnbuzar toshishi mumkin. Odatda Husnbuzar qishda sovuqda ko’p toshadi; bunga sovuqda yog’qotib qolib, yog’bezlari kovaklaridan ravon chiqib ketolmasligi sabab bo’lishi mumkin. Ba’zan Husnbuzar toshishiga qazi, sur go’sht, tuzlangan baliq, ikra, shokolad yeyish, shuningdek, qabziyat sabab bo’ladi. Husnbuzar toshishiga moyil kishilar mumkin qadar shu taomlardan parhez qilishlari zarur. Vrach maslahati bilan quyosh nurida toblanish, dengizda cho’milish, sport bilan shug’ullanish, ochiq havoda sayr qilish, organizmni chiniqtirish Husnbuzar toshishining oldini oladi. Terini to’g’ri parvarish qilish ham muhim ahamiyatga ega. Yallig’langan toshmalardagi qora nuqtalarni sitish yaramaydi, aks holda dard ulg’ayib ketadi. Vrach ruxsatisiz har xil kremlar surtmaslik kerak.