Haysam ibn Kulayb ash- Shoshiy

Haysam ibn Kulayb ash- Shoshiy, Imom ash-Shoshiy (to’liq ismi Abu Sa’id al-Haysam ibn Kulayb ibn Surayj (Shurayh) ibn Ma’qil ash-Shoshiy al-Binkatiy attur-kiy al-adib) (? — 947) — yirik muhaddis. Shosh viloyatining markazi Binkatda tug’ilgan. U 9-asrning 2-yarmi — 10-asr boshlarida Movarounnahr va Xurosonda hadis ilmi rivojlangan oltin davrda yashagan. Ilm-ma’rifat o’rganish maqsadida Buxoro, Samarqand, Nasaf va Termiz kabi shaharlarda bo’lib, buyuk muhaddis Abu Iso Muhammad atTermiziy va boshqalardan saboq olgan. Shuningdek, xorijiy mamlakatlarga ham safar qilib, Balxda zakariyo ibn Yahyo ibn Asad al-Marvaziy, Iso ibn Ahmad al-Asqaloniy, Bag’dodda Abbos ibn Muhammad ad-Duriy, Yahyo ibn Ja’far az-Zabarqon kabi mashhur olimlardan ta’lim olgan va ko’plab shogirdlar yetishtirgan. Alloma ilmiy faoliyatining aksar qismi Buxoro va Samarqandda kechgan, binkatda vafot etgan. Hadislarga oid “al-Musnad” (“al- Musnad al-Kabir”) asari bor. Mazkur asar 1992 yil doktor Mahfuz ar-Rahmon Zaynulloh tomonidan tadqiq etilib, bir necha jildi Madinada nashr etilgan.