Hujayra populyatsiyasi

Hujayra populyatsiyasi – muayyan xususiyatlariga ko’ra bir xil bo’lgan hujayralar guruhi. Masalan, yangilanish qobiliyatiga binoan Hujayra populyatsiyasi 3 tipga ajratiladi. Turg’un Hujayra populyatsiyasi. yangilanish qobiliyatiga ega bo’lmaydi (masalan, sut emizuvchilar neyronlari). Bunday to’qimalarda hujayralar soni ular ixtisoslashuvi boshlanishidayoq doimiy bo’lib qoladi va bo’linish qobiliyatini yo’qotadi. Organizm hayotining oxirida esa hujayralar soni birmuncha kamaygan bo’ladi. O’suvchi Hujayra populyatsiyasi yangilanish va o’sish, hujayralar sonining ortishi va ular poliploidizatsiyasi (masalan, jigar va ayrim boshqa bezlar hujayrasida) hisobidan to’qima massasini oshirish xususiyatiga ega. Yangilanadigan Hujayra populyatsiyasi eskirib o’lgan hujayralar o’rniga kam ixtisoslashgan o’zak hujayralarning bo’linishi va ixtisoslashuvi natijasida yangi hujayralar hosil qilib turish xususiyatiga ega (masalan, ichak epiteliysi, qon hujayralari). Hujayra populyatsiyasini funktsiyasiga ko’ra ham tasnif qilish mumkin.