“Hidoyat”

“Hidoyat” — oylik diniy-ijtimoiy, ilmiy-adabiy jurnal. Muassisi — O’zbekiston musulmonlari idorasi. 1999 yil avgustda tashkil etilgan. Avval “O’rta Osiyo va Qozog’iston musulmonlari” (1946-1968), “Sovet Sharqi musulmonlari” (1968-91), “Movarounnahr musulmonlari” (1991-95), “O’zbekiston musulmonlari” (1995-99) nomlarida nashr etilgan. Jurnalda Qur’on oyatlarining tafsirlari, hadisi sharif sharhlari, ibodat va kundalik turmushga oid turli masalalar, ilm egallash, oila va farzandlar tarbiyasi, masjid va madrasalar hayoti, ma’naviy meros va tarixiy qadriyatlarni o’rganishga oid mavzular, dunyo musulmonlari hayotidagi yangiliklar, xabarlar yoritiladi. “Aqida”, “Fiqh”, “amri Ma’ruf”, “nahyi Munkar”, “tafsir”, “hadis ilmi”, “olislarga sayohat”, “imomlarimiz”, “ilm maskanlarida”, “tibbiyot burchagi” kabi ruknlari bor. Jurnal 2001 yildan “hidoyat kutubxonasi” silsilasida kitoblar ham nashr etmoqda.