Hamroyeva Guli Razzoqovna

Hamroyeva Guli Razzoqovna (1946.2.12, Toshkent) — balerina, baletmeyster, pedagog. O’zbekiston xalq artisti (1983). Razzoq Hamroevning qizi. 1966 yil Toshkent xoreografiya bilim yurtining “balet artistkasi” ixtisosligi, 2001 yil Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya Oliy maktabining “baletmeyster-rejissyor” ixtisosligi bo’yicha tugatgan. 1966 yildan Navoiy nomidagi katta opera va balet teatrida avval balet raqqosasi, 2000-2002 yillar balet direktori, 2002 yildan pedagog- repetitor. 2002 yildan Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya Oliy maktabining rektori. “Boqchasaroy Favvorasi” (Zarema), “don Kixot” (Kitri), “Esmeralda” (Esmeralda), “Spartak” (Egina), “Sevgi tumori” (chundari), “Jizel” (mirta), “Oqqush ko’li” (Oqqush va ispancha raqs), “Zolushka” (Ugay ona), “ispan miniatyuralari” (ipan qiz), “karmen” (Karmen), “Korsar” (Gulnora), “Nasriddin sarguzashtlari” (Nasriddinning xotini), “Kleopatra” (Kleopatra), “jonlangan miniatyuralar” (kanizak) kabi spektakllarda asosiy rollarni ijro etgan. Lirizm, psixologik teranlik, nafis harakat, xoreografik imo-ishora va harakatlarda u noyob uyg’unlikka erishdi. Raqqosaning inson hissiyotlari, ichki kechinmalarini raqs harakatlarida mohirona yetkazishida o’ziga xos tahlili ko’zga tashlanadi. “Dilorom” (Dilorom), “Semurg” (Parizod) kabi filmlarda suratga tushgan. Hamroyeva hayoti va ijodiga bag’ishlangan “Bolero” hujjatli filmi ishlangan (1995).