Hiloliy

Hiloliy (taxallusi; to’liq ism- sharifi Mavlono Badriddin Hiloliy Chig’atoiy) (taxminan 15-asr 70-yillari, Astrobod — 1529, Hirot) — fors shoiri. 1491 yil Hirotga kelib, Jomiy va Navoiy homiyligida ilmu ijod bilan shug’ullangan. “Majolis un-nafois” tazkirasida Navoiy uning kelib chiqishi turkiy qavmga mansubligini qayd etadi. “Tuhfai Somiy” (“Somiy tuhfasi”) asarida Sommirzo ham uning ajdodlari Chig’atoy turklaridan bo’lib, Astrobodga borib muqim bo’lib qolganligi haqida ma’lumot beradi. Dastlab Hiloliy (Hilol — yangi oy) taxallusi bilan ijod qilgan, uning she’riy salohiyati yuksakligini ko’rgan Navoiy unga Badriy (Badr— to’lin oy) taxallusini taklif qilgan. Shundan keyin u har ikkala taxallusda ijod qilib, Badriddin Hiloliy nomi bilan mashhur bo’lgan. She’rlarida haqiqiy va majoziy ma’nolarni mahorat bilan omuxta qilgani, ilohiy va dunyoviy ishqni hassoslik bilan kuylagani uchun o’z davrining Hofizi Sheroziysi deb nom chiqargan. Ubaydullaxon Hirotni bosib olganda, xalqqa, ilmu adab ahliga jab-ru zulm o’tkazganini ko’rgan Hiloliy unga qarshi 2 ta hajviy ruboiy yozgan. Bundan xabar topgan xon uni qatl ettirgan. Hiloliyning bizgacha she’riy devoni, 3 dostoni va qofiya ilmiga oid risolasi etib kelgan. Devondan shoirning 421 g’azal, 4 qasida, 11 qit’a, 32 ruboiy, bittadan muxammas, chiston va soqiynomasi o’rin olgan. “Shoh va darvesh” dostonida majoziy ishq bosqichlari ramzu timsollar vositasida talqin etilgan. Lekin shohni — ma’shuq, darveshni — oshiq sifatida tasvirlagani uchun Bobur bu asarni “Boburnoma”da tanqid qilgan. “Sifot ul-oshiqin” (“Oshiqlik sifatlari”) dostoni axloqiy-ta’limiy mazmunda bo’lib, “Xamsa”larning ilk dostonlari — Nizomiyning “Maxzan ul-asror”, Dehlaviyning “matla’ul-anvor”, Jomiyning “Tuqfat ul-Ahror”, Navoiyning “hayrat ul-Abror” dostonlariga tatabbu’tarzida yozilgan va u ham salaflari asarlari kabi 20 bobdan iborat. “Layli va Majnun” dostoni ham ushbu xamsanavislarning shu nomli dostonlariga tatabbu’ hisoblanadi. Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro vafotidan keyin Hirotda vaziyatning yomonlashuvi, toju taxt talashlari, shaharning Safaviylar va Shayboniylar tomonidan istilo qilinishi, vayrongarchiliklar, xalq boshiga tushgan og’ir kulfatlar, ilmu hunar egalarining to’rt tomonga tarqab ketishi shoir she’rlarida charxu falakdan, taqdirdan, zamondan, odamlardan shikoyat, norozilik ko’rinishida o’z aksini topgan. She’rlari an’anaviy mavzularda bo’lib, ularda ishqu muqabbat avj pardalarda tarannum etilgan, insoniy Kamolot masalalari badiiy talqinini topgan. Hiloliy Sharq she’riyatida mavjud badiiy san’atlardan mahorat bilan foydalanib, she’rlarining badiiy go’zal va ta’sirchan bo’lishini ta’minlagan. 50 dan ortiq g’azallari “Shashmaqom” tarkibidan joy olgan. Ogahiy uning “Shoh va darvesh” dostonini o’zbek tiliga tarjima qilgan. Ll.Alisher Navoiy, Majolis un-nafois [mukammal asarlar to’plami], 13-j., T., 1997; Homidiy H., Ko’hna Sharq darg’alari, T., 1999. Ergash Ochilov.