Harbiy xizmatdan bosh tortish
Harbiy xizmatdan bosh tortish (O’zbekiston Respublikasida) — fuqarolarning mamlakat Konstitutsiyasida nazarda tutilgan o’z fuqarolik burchini bajarishdan bosh tortishi. Bu, avvalo, chaqiriluvchining uzrli sabablarsiz chaqiriq komissiyasiga yetib kelmaganligida ifodalanadi. Rasmiy hujjatlar bilan tasdiqlangan turli holatlar chaqiriq joyiga kelmaslikning uzrli sabablari bo’lishi mumkin. Bunday holatlarga chaqiriluvchining yaqin qarindoshlaridan birining salomatligi og’irlashgan yoki vafot yetgan holatlari, chaqiriluvchiga bog’liq bo’lmagan tarzda uning chaqi-riq komissiyasiga borishiga monelik qilgan tabiiy yoki boshqa sabablar kiradi. Chaqiriq yoshidagi shaxsning Konstitutsiyada nazarda tutilgan o’z fuqarolik burchini bajarmaslik uchun turli usullardan foydalanishi harbiy xizmatdan bo’yin tovlash hisoblanadi. Bo’yin tovlash uzrli sabablarsiz, hujjatlarni qalbakilashtirish, aldash va boshqa yo’llar bilan chaqiriq punktiga belgilangan vaqtda yetib kelmaslikda ifodalanadi. Bu usullarning hammasi Harbiy xizmatdan bosh tortishni anglatadi va “umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining qonuni (1992 yil 3 iyul)ni buzganlik uchun javobgarlikni keltirib chiqaradi.