Og’izaylangichlar

Og’izaylangichlar (Rotatoria) birlamchi tana bo’shlikli chuvalchanglar sinfi. Xaltasimon, ba’zan sharsimon gavdasi bosh, tana va dum bo’g’imlaridan iborat. Ko’p hujayrali hayvonlar orasida eng kichigi, gavdasining uzunligi 0,01 dan 2,5 millimetrgacha. Og’iz oldi kipriklari murakkab tuzilgan.og’iz aylangich apparatini hrsil qiladi. Ayrim turlarining bosh bo’limida sezgir tukchalari va 1-2 ta pigment ko’zachalari bo’ladi. Ko’pchilik Og’izaylangichlar tanasi sovut bilan o’ralgan. O’troq Og’izaylangichlar oyog’i uchidagi 2 ta o’simtasi yordamida substratga yopishib oladi. Ichagi to’g’ri nay shaklida; ichakning oldingi qismi chaynovchi oshqozon — mastaksni hosil qiladi. Ayirish organlari — Protonefridiylar kloakaga ochiladi. Nerv sistemasi halqum usti gangliyi va undan qillar, ko’zchalar va boshqa organlarga ketadigan nervlardan iborat. Ayrim jinsli. Jinsiy bezlar yo’li kloakaga ochiladi. Tuxim qo’yadi yoki ba’zi vakillari tirik tug’adi. Erkagi mayda, ayrim turlarining erkagi bo’lmasligi tufayli partenogenez ko’payadi. Og’izaylangichlar sistematikasi va turlari yaxshi o’rganilmagan. Keng tarqalgan; 2000 ga yaqin turi bor. Chuchuk suv bentosi va planktoni tarkibiga kiradi; nam mox va tuprokda yashaydi; ayrim turlari dengizlarda va sho’r suvli havzalarda uchraydi. Bir hujayrali suv o’tlari, mikroorganizmlar bilan oziqlanadi, ayrimlari yirtqich. Suv havzalari qurib qolganda ko’pchilik Og’izaylangichlar anabioz holatiga o’tadi. Suv qavzalarining o’z-o’zidan tozalanishida va yosh baliqchalarning asosiy ozig’i sifatida katta ahamiyatga ega.