Natriy gidroksid
Natriy gidroksid (o’yuvchi natriy, kaustik soda), NaOH — rangsiz kristall modda. Suyuqlanish temperaturasi 323°, qaynash temperaturasi 1403°, zichligi 2,02 g/sm3. Suvda yaxshi eriydi, erish vaqtida issiqlik ajratib chiqaradi. Gigroskopik. Suvdagi eritmasi kuchli ishqor. Suvsiz NaOH 61,8° dan yuqorida kristallanadi. Havodagi namni tortadi, shu sababdan yoyilib ketadi va natriy karbonatga aylanadi. Natriy gidroksid natriy metali va natriy gidritni eritadi. Osh tuzining suvdagi eritmasi (namakob)ni elektroliz qilib hosil qilinadi. Sun’iy ipak, sovun va boshqa kimyoviy moddalar ishlab chiqarishda, to’qimachilik va boshqa sanoat tarmoqlarida ishlatiladi. Ko’pgina organik birikmalar, charm va qog’ozlarni yemiradi. Teriga tegsa kuydiradi.