Nara
Nara — Yaponiyadagi shahar, Xonsyu orolining Janubida. Nara prefekturasining ma’muriy markazi. Aholisi 366,1 ming kishi (2000). Shahar-muzey, xalqaro ahamiyatdagi turizm markazi. Stanoksozlik, elektrotexnika, oziq-ovqat, yog’ochsozlik, trikotaj sanoati korxonalari mavjud. Badiiy buyumlar, yog’och o’yinchoqlar ishlab chiqariladi. Universitet, badiiy, milliy muzeylar bor. Nara — Yaponiyaning qadimgi shaharlaridan. Mamlakatning 710-784 yillardagi birinchi poytaxti. Me’moriy yodgorliklardan (7-8-asrlarga oid) yog’ochdan qurilgan monastir majmualari, ibodatxonalar va boshqalar saqlangan.