Orqa miya
Orqa miya — odam va umurtqali hayvonlar Markaziy nerv sistemasining bir qismi, umurtqa pog’onasi kanalida joylashgan. Ko’pchilik reflekslarda ishtirok etadi. Katta yoshdagi odamda uning uzunligi 41-45 santimetr, og’irligi 30 grammcha. Odamda Orqa miya 31-33 segmentdan iborat, ularning har birida 2 juft nerv ildizi bor: oldingi (harakatlantiruvchi) ildizlar orqali impulslar Orqa miya hujayralaridan periferiyaga (skelet va tomir muskullari, ichki a’zolarga) o’tadi. Orqa (sezuvchi) ildizlar impulelarni teri, muskul, ichki a’zolar retseptorlaridan Orqa miyaga o’tkazadi. Orqa miyaning 2 tomonida oldingi va orqa ildizlar o’zaro birlashib, aralash orqa miya nervlarinm hosil qiladi. Orqa miyaning Markaziy qismi kulrang moddasi nerv hujayralarining to’plamlaridan, periferik qismi — oq moddasi nerv tolalarining to’plamlaridan iborat. Nerv tolalari Orqa miya hujayralarini bir-biriga, shuningdek, bosh miyaga bog’lab turadi. Orqa miya ko’ndalangiga kesilganda kulrang moddasi “kapalak” nusxa bo’ladi; unda oldingi va orqa shoxlar farq qilinadi. Orqa miyaning ko’krak bo’limidagi va bel bo’limining yuqori qismidagi yon shoxlarda simpatik nerv sistemasining qujayralari bor, tolalar gavdaning hamma a’zolariga boradi. Orqa miya miya pardalar va orqa miya suyuqligi bilan o’ralgan. Uning oq moddasini tashkil etadigan, markazga intiluvchi nerv tolalari badandan og’riq, temperatura va boshqa sezgi impulslarini bosh miyaga o’tkazib, shu tariqa a’zolar holati, shuningdek, tashqi muhitdagi ahvol haqida signal berib turadi.