Onomastika
Onomastika (Yunoncha onomastike — nomlash, nom qo’yish san’ati) — tilshunoslikning har qanday atoqli nomlarni, ularning paydo bo’lish va o’zgarish tarixini o’rganuvchi bo’limi, shuningdek, barcha atoqli nomlar yig’indisi. Ayrim tadqiqotlarda “Onomastika” termini antroponimika ma’nosida ham qo’llangan. Onomastika mavjud onomastik tizimlarni aniqlash va o’rganishni maqsad qilib qo’yadi. Onomastika atoqli nomlarni olgan ob’yektlarning toifalariga muvofiq quyidagi bo’limlardan iborat: antroponimika — kishilarning atoqli nomlarini; toponimika — geografik ob’yektlarning atokli nomlarini; teonimika — turli diniy tasavvurlar bo’yicha xudolar, ma’budlar, diniy-afsonaviy shaxs va mavjudotlarning nomlarini; zoonimika — hayvonlarga qo’yilgan (shartli) atoqli nomlarni; kosmonimika — fazoviy bo’shliq hududlari, galaktikalar, Burjlar va boshqalarning ilmiy muomalada va xalq orasida tarqalgan nomlarini; astronimika — ayrim osmon jismlari (planeta va yulduzlar)ning nomlarini o’rganadi. Onomastikaning yuqoridagilardan tashqari yana bir qancha bo’limlari bor. Onomastika atoqli nomlarni realionimlar (avval yoki hozir mavjud bo’lgan ob’ektlarning nomlari) va mifonimlar (xayoliy-to’qima ob’ektlarning nomlari)ga bo’ladi. Atoqli nomlarning lisoniy xususiyatlariga qarab Onomastika adabiy va dialektal, odatdagi (amaliy) va poetik, zamonaviy va tarixiy, nazariy va amaliy turlarga bo’linadi. Nazariy Onomastika til va nutqdagi, adabiy va dialektal sohalardagi atoqli nomlarning paydo bo’lishi, nominasiya (nomlash) asoslari, rivojlanishi, shu jarayondagi turli xil o’zgarishlari, nutqda qo’llanishi, muayyan hudud va tillarda tarqalishi hamda tarkibiy tuzilishini o’rganadi. Badiiy matnlardagi atokli nomlarni (poetik Onomastika) tadqiq etish alohida muammo hisoblanadi. Onomastika, shuningdek, tilshunoslikning qiyosiytarixiy, struktur, genetik, areal, onomastik xaritalashtirish va boshqa usullarini qo’llagan holda, atokli nomlarning fonetik, morfologik, so’z yasalishi, semantik, etimologik va boshqa jihatlarini o’rganadi. Amaliy Onomastika xorijiy tillarga mansub nomlarning transkripsiyasi va trans-literasiyasi, an’anaviy (talaffuz va yozilishiga ko’ra), tarjima kilinadigan va qilinmaydigan nomlarni aniqlash, “begona” nomlarni o’z tilda kanday yozish bo’yicha yo’riqnomalar tayyorlash, xorijiy tillardan o’zlashgan nomlardan yangi so’zlar hosil qilish bilan, nom berish va nomlarni o’zgartirish masalalari bilan shugullanadi. Onomastika tarix, etnografiya, arxeologiya, genealogiya, geraldika, matnshunoslik, adabiyotshunoslik, geografiya, astronomiya, geologiya, demografiya kabi fanlar bilan o’zaro aloqadordir. Abduvahob Madvaliyev.