“Orbita”
“Orbita” — yerdagi kosmik aloqa stansiyalarining shartli nomi. Televideniyening oq-qora va rangli dasturlarini retranslyatsiya qilish uchun aloqa yo’ldoshlaridan foydalaniladi. Dastlab (1967 yil) sobiq SSSR Markaziy televideniesining dasturlarini uzatish va retranslyasiya qilish uchun kosmik aloqa tizimida desimetrli to’lqinlarda ishlaydigan “Molniya-1” sun’iy yo’ldoshidan foydalanilgan. Hozir (2003 yil) ishlab turgan kosmik aloka tizimi “Molniya-o” nomi bilan yuritiladi. “Orbita” televizion dasturlarni translyasiya qilish bilan birga boshqa xil informatsiyalarni ikki tomonlama uzatish va qabul qilish uchun ham xizmat qiladi. “Orbita”ning yerdagi Markaziy stansiya tarmoqlari orqali uzatilgan televizion signallarini “Molniya” aloqa yo’ldoshlari qabul qilib, kuchaytiradi va yana yerga uzatadi. Yerda qabul qilingan signallar tutashtirish liniyalari bo’yicha mahalliy telemarkazlarga keladi, u yerdan efirga uzatiladi.