Orol cho’li
Orol cho’li — dunyodagi eng yosh cho’l. O’rta Osiyoda sug’orishning tez sur’atlarda rivojlanishi munosabati bilan Orol dengiziga quyilayotgan Amudaryo va Sirdaryo suv hajmining kamayib borishi va tabiiy bug’lanishning yuqoriligi tufayli Orol dengizining 40 ming km2 dan ziyod qismi quruqlikka aylanishi natijasida 20-asr oxirida vujudga kelgan. Quruqlik tipik qum-sho’rxokli cho’l xususiyatiga ega. Cho’l yer yuzasi Orol dengizining Markaziy qismiga Nishab tekislik bo’lib, unda, asosan, eol relef shakllari (do’ng-barxan qumlari, bal. 0,5 — 4 metr) va sho’rxoklar tarqalgan. Cho’l Delta, dengiz va ko’l sharoitlarida hosil bo’lgan qum- shag’al, qum, qumoq, loylardan tashkil topgan. Subtropik kenglikda joylashgan, iqlimi keskin kontinental. Yillik o’rtacha teemperatura 9,6°, yanvarniki -7°, iyulniki 25,7°, yillik yog’in 88 mm. Grunt suvlarining chuqurligi 7-10 metr, minerallashuvi 30— 80 g/l. Cho’lda, asosan, taqirsimon qoldiq sho’rxoklar hosil bo’lgan. O’simligi siyrak, eol qum relefi mavjud erlarda qora saksovul, cherkez, yulg’un, sho’ralar, taqirsimon qoldiq sho’rxokli yerlarda yulg’un, sarsazan, sho’ralar tarqalgan. Cho’lda uning atrofidagi hududlardan kirib kelgan hayvonlar (asosan, kemiruvchilar) yashaydi. Janubiy qismida sanoat ahamiyatiga ega bo’lgan sulfat tuzlar, tabiiy gaz kabi foydali qazilma konlari ochilgan.