Ortiqov Isroil
Ortiqov Isroil (1907, Qo’qon -1938.5.10, Toshkent) — jamoat arbobi. Otasi dashnaktsutyunlar tomonidan o’ldirilgan (1918). Yoshlar tashkiloti idoralarida faoliyat ko’rsatgan (1928 yildan). O’zbekiston komsomoli MK 1-kotibi (1931-37). Ortiqov tashabbusi bilan Toshkentda Zarbdor yoshlar ko’rigi (1931 yil 12 may) bo’lib, unda yigit-qizlar O’zbekistondagi yirik sanoat korxonalarini kurishda faol ishtirok etishga chaqirildi. Quvasoy tsement kombinati, Toshkent to’qimachilik kombinati, Chirchiq elektrokimyo kombinati, Buxoro va Samarqand ip-yigiruv fabrikalari, Marg’ilon shoyi to’qish kombinati va boshqa inshootlar qurilishida yoshlar katta xizmat qilgan. Ortiqov maorif jabhasidagi yoshlar faoliyatini ham yo’naltirib turgan. 1937 yil 14 oktabrda hibsga olingan va unga O’zbekiston yoshlarini millatchilik ruhida tarbiyalaganlik aybi qo’yilgan. SSSR Oliy sudi xarbiy kollegiyasining Toshkentdagi sayyor majlisi qarori bilan “xalq dushmani” sifatida otishga hukm qilingan. Ortiqov 1956 yil 12 iyunda SSSR Oliy sudining qarori bilan to’la oqlangan. Ad:. Mahmudov M., Barhayot siymolar, T., 1981; Usmonov I., Qatag’on qurbonlari, T., 1992.