Oltiariq tumani
Oltiariq tumani – Farg’ona viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Janubdan Farg’ona, shimoldan Namangan viloyati, G’arb va shimoli- g’arbdan Rishton, Buvayda hamda Bag’dod, shimoli-sharqdan Oxunboboyev, Yozyovon tumanlari va Janubdan Qirg’izistonning Qadamjoy tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,63 ming km2. Aholisi 166 ming kishi (2003). Oltiariq tumanida 1 shahar (Hamza), 1 shaharcha (Oltiariq), 15 qishloq fuqarolari yig’ini (Azimobod, Bo’rbaliq, Jo’rak, Zilxa, Katput, Oltiariq, Oqbo’yra, Povulg’on, Polosoy, Fayziobod, Yangiarab, Yangiqo’rg’on, Qapchig’ay, Qiziltepa, G’ayrat) bor. Markazi — Oltiariq shaharchasi. Tabiati. Tuman hududining Janubiy adirlar, soylarning yoyilmalari, qumli sho’rxoklardan iborat. Adirlar va adir etaklarining balandligi 500-700 metr. Bu yerlar tog’lardan oqib tushadigan ko’p soylarning qadimgi konglomeratlaridan — So’x svitasi komplekslaridan tarkib topgan (qalinligi 80-200 metr). Adirlarning Markaziy Farg’ona tekisliklariga qo’shilib ketgan qanotlari yoyilma ko’rinishida bo’lib, toshli-shag’alli, gilli va qumoq jinslardan iborat. Ularning hammasi antropogen davrining turli yoshdagi yotqiziqlaridir. Shimol qismining relefi keng tekislik bo’lib, yuzasini qum, gil, o’nlab m chuqurlikda toshli-shag’alli jinslar qoplab yotadi. Ularning tagida 400 metr qalinlikda paleogen davrining karbonatli dengiz cho’kindilari bor. Iqlimi quruq, sershamol, bahor va kuzda shamol bo’ladi (tezligi sekundiga 12-15 metr). Yillik o’rtacha temperatura 13°, iyulda 26-28°, eng yuqori temperatura 42°, yanvarda o’rtacha temperatura -2°, eng past temperatura -23°. Vegetatsiya davri 210 kun. Yillik yogin 100-180 mm. Adir va adir etaklarida och bo’z, to’q bo’z, qo’ng’ir bo’z, markaziy va shimol qismida o’tloqi, o’tloqi-botqoq sho’rxok tuproqlar tarqalgan. Yovvoyi o’simliklardan adirlarda shuvoq, bahorda efemer va efemeroidlar, Markaziy va shimol qismidagi qumliklarda sho’ra, yulg’un, selin, yantoq va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, quyon, tulki, kalamush, o’qilon, chiporilon, burgut, boyo’g’li, kalxat, qiyg’ir va boshqalar bor. Tumanning ekin maydonlari Oltiariqsoy, Janubiy Farg’ona, Katta Farg’ona, Katta Andijon, So’x-Shohimardon kanallaridan suv oladi. “Qo’rg’ontepa”, “keng ko’l” suv omborlari qurilgan. Cho’l qismida yirik mineral suv havzasi bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar (93,5%), shuningdek, tojyk (4, qirg’iz (1,9%), rus, lo’li, koreys, arman, nemis, chuvash, qozoq, ozarbayjon, ukrain va boshqa millat vakillari (1,1%) ham yashaydi. 1 km2 ga o’rtacha 263 kishi to’g’ri keladi. Shahar aholisi 22 ming 500 kishi (14%), qishloqaholisi 143 ming 500 kishi (86%; 2003). Xo’jaligi. Oltiariq tumani viloyatning Markaziy qismida joylashganligi, muhim transport yo’llarining o’tganligi, iqlim sharoitining qulayligi tumanda ishlab chiqarish, dehqonchilik va tadbirkorlik, madaniy- maishiy sohalari va savdo-iqtisodiy munosabatlarining rivojlanishiga muhim omil bo’lmoqda. Ishlab chiqarish korxonalari va turli muassasalar Oltiariq shaharchasi, Hamza shahi, Qapchig’ay, Fayziobod qishloqlarida joylashgan. Tumanda respublikadagi dastlabki korxonalardan hisoblangan Oltiariq neftni qayta ishlash va Oltiariq paxta tozalash zavodlari, shuningdek, “shohimardonsoy” mineral suv qadoqlash zavodi, vagonlarni bug’lab yuvish korxonasi, Qapchig’ay temir-beton buyumlari zavodi, Fayziobod qurilish kombinatlari (2 ta), 2 mexanizatsiyalashgan qurilish tashkiloti, MTP lari, 2 avtokorxona, avtomobil yo’llarini qurish, non mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari va boshqalar mavjud. Tumandagi 1051 xo’jalik yurituvchi sub’yektlardan 18 tasi aktsiyadorlik jamiyati, 15 shirkat xo’jaligi, 6 yirik sanoat korxonalari, 145 kichik va o’rta korxonalar, 326 fermer xo’jaliklardir. Tuman hududida respublika ahamiyatiga ega bo’lgan Toshkent—Farg’ona hamda mahalliy Marg’ilon—Qo’qon, Vodil—uchuy avtomagistrallari o’tgan. Qoplamali asfalt yo’llarining umumiy uzunligi 392 kilometr. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i — dehqonchilik. Tumandagi 24 ming gektar sug’oriladigan yer maydonidan 20,6 ming gektar yerga ekin ekiladi. Oltiariq tumanida 15 shirkat xo’jaligi, Qiziltepa fermerlar birlashmasi, tuman fermerlar uyushmasi tomonidan 7895 gektar yerga paxta, 8520 gektar yerga don ekinlari ekiladi (2002). 534 gektar o’rmonzor, 1530 gektar ko’p yillik daraxtzor, shundan 1250 gektar bog’, 21 gektar tokzor, 250 gektar tutzor bilan band. Tuman shirkat va shaxsiy xo’jaliklarida 29,8 ming qoramol (shu jumladan, 12,8 ming sigir), 13,9 ming qo’y, 32,6 mingdan ziyod parranda boqiladi (2003). Pillachilik bilan ham shug’ullaniladi. Oltiariq tumanida 41 umumiy ta’lim maktabi, 9 yillik tayanch maktabi, 3 lisey va gimnaziya, 3 kasb-hunar kolleji faoliyat ko’rsatadi. Ta’lim muassasalarida 41 mingdan ziyod o’quvchiga 3 mingdan ziyod o’qituvchi ta’lim-tarbiya beradi. Tumanda 2 bolalar va o’smirlar sport maktabi, futbol maktablari ishlab turibdi. Markaziy madaniyat saroyi, “Oltiariq tarixi” muzeyi, qishloq muzeyi, 5 madaniyat uyi, 26 jamoat kutubxonasi (239838 asar), “Zilola” ashula va raqs ansambli faoliyat ko’rsatadi. Tuman markazida Xotira maydoni, “Motamsaro ayol” monumenti mavjud. Oltiariq tumanining Qiziltepa mavzesida Respublika ahamiyatiga molik “Oltiariq” faxriylar sanatoriysi va 2 ta viloyat ahamiyatidagi hamda Fayziobod bolalar sanatoriylarida tabiiy yer osti mineral suvi bilan davolash yo’lga qo’yilgan. Ushbu mineral suv asosida “Shohimardonsoy” qadoqlash korxonasi tashkil etilib, 2002 yilda ushbu korxona mahsuloti Shveytsariyada o’tkazilgan Xalqaro ko’rgazmada xalqaro “sifat oltin yulduzi” medali bilan taqdirlangan. Tumanda 6 kasalxona (830 o’rin), 7 poliklinika, 15 qishloq vrachlik punkti, 27 feldsher-akusherlik punkti, diagnostika markazlari, salomatlik-shoshilinch tez yordam markazi, silga qarshi kurashish dispanseri va boshqa tibbiy muassasalar “Salomatlik” dasturi asosida “Abakus”, “Urosan”, “Fillips”, “Shiller” laboratoriya jihozlari va plazmaforez apparatlari bilan ta’minlangan. Tumanda sportning 22 turi bo’yicha 10 mingdan ziyod sportchi shug’ullanadi. Stol tennisi, qo’l jangi, futbol, kurash, velosport rivojlangan. Sportning bu turlari bo’yicha O’zbekiston, xalqaro musobaqalar sovrindor va g’oliblari shu tumandan etishib chiqqan. Tumanda Qapchig’ay g’ori (miloddan avvalgi 33-12 ming yilliklar), zuraymomo tepaligi (miloddan avvalgi 6-asr). Kitqonqal’a (1-4-asrlar); arxeologik manzilgohlar; Ko’ktillo buva, Muyka Aziz buva, umoch buva, Sertut buva, Shoh Tolib buva, xasta xonim, Devona buva, Oqmozor kabi ziyoratgoxlar, Do’sti Xudo masjidi (Burbaliq, 18-19- asrlar) va boshqa tarixiy-me’moriy yodgorliklar mavjud. 1931 yildan “davr ovozi” gazeta nashr etiladi (adadi 3000).