Onkologiya markazi
Onkologiya markazi, O’zbekiston Sog’liqni saqlash vazirligi onkologiya markazi — ilmiy tadqiqot muassasasi. 1958 yil Toshkent shahrida rentgenologiya, radiologiya va onkologiya ilmiy tadqiqot instituti nomi bilan tashkil etilgan. 1966 yildan Onkologiya ilmiy tadqiqot instituti deb atalgan. 2001 yildan hozirgi nomda. Zamonaviy tipda qurilgan va 9 ta ixtisoslashgan bo’limi, o’smalarni aniqlash va davolash apparatlari bilan jihozlangan xonalari, tajribalar o’tkazish uchun maxsus vivariysi bo’lgan markazda onkologiya sohasida keng qamrovli fundamental va amaliy ilmiy izlanishlar olib boriladi va mazkur soha mutaxassisligi bo’yicha ilmiy kadrlar tayyorlanadi. Onkologiya markazida me’da-ichak va suyak o’smalarini aniqlashda rentgenotomogrammani qo’llash, o’pka, o’t pufagi va taloqni skanerlash usuli bilan tekshirish, ultratovushda deyarli barcha a’zolardagi o’smalarni aniqlash; eksperimental hayvonlar bosh miyasida sun’iy o’smalar hosil qilish, xavfli o’smalar paydo bo’lishi, rivojlanishi va tarqalishida genlar rolini aniqlash, onkologik bemorlarni fizik omillar: yuqori harorat, o’ta sovuq va lazer bilan davolash usullari ishlab chiqildi. Shuningdek, o’lkaga xos xavfli o’smalar, ularning dastlabki diagnostikasi, oldini olish, kompleks davolash va boshqa masalalar yuzasidan ilmiy tadqiqotlar o’tkaziladi. Dispanser ishlarini yaxshilash, fan yutuqlarini tibbiyot amaliyotiga joriy etish bilan shug’ullaniladi. Joylarda sog’liqni saqlash organlariga onkologiya bo’yicha ilmiy-amaliy, tashkiliy, konsultativ yordam ko’rsatiladi. Markazda 14 laboratoriya, 7 ilmiy guruh, ilmiy tibbiyot axboroti, patent guruhlari, 315 o’rinli klinik kasalxona, aspirantura, klinik ordinatura, konsultativ poliklinika, dorixona, vivariy, kutubxona, shuningdek, maxsus preparatlar ishlab chiqaradigan “Nihol” zavodi va boshqalar bor (2003). 1972 yil Onkologiya markazining Qoraqalpog’iston filiali (Nukus shahrida) ochilgan. Markazda 180 dan ortiq ilmiy xodim, jumladan, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi 1 akademik, 4 ta professor, 9 ta fan doktori, 98 dan ziyod fan nomzodi va ko’pgina malakali onkolog shifokorlar xizmat qiladi (2003). Markazda onkologiya sohasida olib borilgan tadqiqotlar va erishilgan yutuqlar J. M. Abdurasulov, A. I. Nikolaev, N. Q. Murodxujaev, A. A. Fozilov, S. N. Navruzov, B. A. Tshek, S. B. Karimova, R. R. Romanova, V. A. Alijonova, M. A. G’ofur-Oxunov, M. D. Jo’raev, A. V. Xo’jaev va boshqalar faoliyati bilan bevosita bog’liq. Markaz O’zbekiston Respublikasida onkologiya muammolari bo’yicha ilmiy va metodik muassasa hisoblanadi. Ilmiy ishlar nashr etadi.