Oltingugurtli bo’yagichlar
Oltingugurtli bo’yagichlar – aromatik birikmalar, nitro yoki aminobirikmalarni oltingugurt yoki natriy sulfid bilan birga qizdirishdan hosil bo’ladigan sintetik bo’yagichlar. Oltingugurtli bo’yagichlar, odatda, suvda erimaydigan ko’p jinsli qattiq moddalardan iborat. Matoni bo’yashda Oltingugurtli bo’yagichlarni natriy sulfidning suvdagi eritmasi bilan qaytarib, leykobirikmalar hosil qilinadi. Bu moddalarning natriyli tuzlari suvda eruvchan bo’lib, matoga yaxshi singadi. Matoga singdirilgan leykobirikmalar havo kislorodi bilan oksidlanib, dastlabki Oltingugurtli bo’yagichlar rangini oladi. Oltingugurtli bo’yagichlar sariq, jigarrang, ko’k, Zangori, binafsha rang, yashil, qora va boshqa tusda bo’lishi mumkin. Oltingugurtli bo’yagichlar yuvilganda rangi aynimaydi. Arzon, olinishi oddiy bo’lgani uchun keng qo’llanadi.