Orden

Orden (lotincha ordo — qator, daraja) — 1) metall nishon, taqdirlash belgisi, harbiy yoki fuqarolik xizmatlari uchun beriladigan faxriy mukofot. Ordenning taqdirlash belgisi sifatida vujudga kelishi risarlik tarixi bilan bog’liqdir. Qadimda ritsarlar alohida kiyim bosh kiyib, bo’yinlariga qimmatbaxr metalldan yasalgan krest taqib yurishgan, bu ularning muayyan ritsarlik tashkiloti (ordeni)ga tegishliligini bildirib turgan. “Falon Orden kavaleri” (ya’ni a’zosi) degan ibora ana shundan kelib chiqqan. 14-16-asrlarda saroy amaldorlarining belgilari paydo bo’ldi, ular keyinroq mukofotlar tusini oldi (masalan, 1348 yoki 1350 yildan inglizlarning bog’ichlar Ordeni; 1399 yildan Bani Ordeni; 1429 yildan Avstriyaliklar va ispanlarning Oltin Jun teri Ordeni; 1579 yildan frantsuzlarning muqaddas Ruh Ordeni.). Islom dini tarqalgan Turkiya, Eron, Arab davlatlarida podsholar buyuk xizmatlar ko’rsatgan odamlarni bo’yniga taqishga mo’ljallangan yarim oy shaklidagi nishonlar bilan taqdirlashgan. Taqdirlash marosimlari, asosan, diniy va milliy bayramlarda o’tkazilgan. Rossiyada birinchi Ordenni Petr I 1698 yil ta’sis etgan (avliyo apostol Andrey Pervozvanniy Ordeni.). Oktyabr to’ntarishidan keyin podsho Orden va medallari bekor qilindi. Birinchi sovet qizil bayroq Ordeni 1918 yilda RSFSR da ta’sis qilindi. Sho’rolar hukumati keyinchalik juda ko’p Orden, medal, faxriy yorlikdar ta’sis etdi. Lenin Ordeni SSSRning eng oliy Ordeni hisoblangan. SSSR tarqalib ketgandan so’ng O’zbekiston mustaqil Respublikalar ichida birinchi bo’lib o’z Orden va medallarini joriy etdi hamda ularni, shuningdek, turli esdalik va kollektsiya tangalarini o’zida ishlab chiqarishni yo’lga qo’ydi; 2) G’arbiy Yevropada ritsarlarning harbiy-monaxlik tashkilotlari; 3) ba’zi maxfiy jamiyatlarning nomi; masalan, masonlik Ordeni.