Olma qurti
Olma qurti, olma mevaxo’ri (Carpocapsa pomonella) — urug’li mevalarning zararkunandasi, barg o’rovchi kapalaklar oilasidan. Olma, behi, nok, ba’zan o’rik, shaftoli, olxo’ri mevalariga zarar yetkazadi. Mevaning urug’i va eti bilan oziqlanadi. Olma qurti kapalaklarining qanotlari yozilganida” 18-21 mm, oldingi qanotlari kulrang, qanotlari asosi va uchi qoramtir; keyingi qanotlari och qo’ng’ir, oqish tukli. So’nggi yoshdagi qurtlari 14-20 mm, och pushti. G’umbak davrida daraxt po’stlog’i, to’kilgan shox-shabba va barglar ostida, tuproqning yuza qavatida, meva omborlari devorlari kavagida, meva yashiklari tirqishlarida qishlaydi. Erta bahorda olma gullaganda pilladan kapalak uchib chiqib, daraxt bargi va gullariga tuxum qo’yadi. Tuxumlardan 6-8 kundan so’ng qurtlar chiqib, mevalarni zararlaydi. Mavsumda 3-4 marta nasl beradi. Kurash choralari: erta bahorda daraxt poyasidan eski ko’chgan po’stloq olib tashlanadi; ildizi atrofidagi tuproq yaxshi yumshatiladi; meva saqlanadigan omborlar va yashiklar dezinfektsiya qilinadi; to’kilgan mevalar har doim yig’ib olib turiladi; kapalaklar har qaysi naslining paydo bo’lishi davrida daraxtlar insektisidlar (fozalon, Bi-58) va boshqa preparatlar bilan ishlanadi.