Qarshi qamali
Qarshi qamali (1512 yil) — safaviylar qo’shini va Bobur lashkarlari tomonidan shaharni qamal qilinishi. Safaviylar qo’shiniga shoh Ismoil I, vaziri Amir Najmi Soniy qo’mondonlik qilgan. Bobur shayboniylarga qarshi turishga ojizlik qilgach, Ismoil I dan ko’mak so’ragan va bu qo’shin (60 ming kishi) bilan yurtiga qaytgan (1512 yil sentabr-oktabr). Qarshi hokimi Shayxim Mirzo (Ubaydullaxonning tog’asi) shaharni qattiq himoya qilgan. Bundan g’azablangan shia lashkarboshisi Najmi Soniy shahar qo’lga olinsa qatli om etishga qaror qiladi. Tarixchilarning yozishicha, Bobur va hatto qizilboshlilar amirlari ham shahar ichida hazrat Ali avlodiga mansub sayyidlar borligini aytib Najmi soniydan qatli om o’tkazmaslikni iltimos qilishlariga qaramasdan qarshi egallangach, 15 ming kishi qilichdan o’tkazilgan (shoir Binoiy ham shu qirg’inda halok bo’lgan). Movarounnahr aholisi bundan g’azablanib qizilboshlilar qo’shiniga qarshi oyoqqa turgan. G’ijduvon jangida (1512 yil 12 noyabr)gi mag’lubiyatdan so’ng qizilboshlilar qo’shini Movarounnahrni tark etgan.