Qamoqqa olish
Qamoqqa olish — jinoyat Protsessida jinoyat ishi bo’yicha dastlabki tergov qilish va sudda ishni ko’rish davrida ehtiyot chorasi tariqasida shaxs ozodligini majburiy cheklash (tergov hibsxonasida) tarzidagi ehtiyot choralaridan biri. Ehtiyot chorasi sifatida Qamoqqa olish gumon qilinib ushlab turilgan shaxsga va ayblanuvchiga nisbatan O’zbekiston Respublikasi JPKning 242-moddasida belgilangan asoslar mavjud bo’lganda qo’zg’atilgan jinoyat ishlari bo’yicha qo’llaniladi. So’nggi yillarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlari kuchaytirilishi natijasida ushbu ehtiyot chorasini qo’llash doirasi cheklandi. Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi: 1) O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputatiga nisbatan; Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi deputatiga nisbatan; Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining deputatlariga nisbatan — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda; 2) O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasiga nisbatan — O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining roziligi bilan, O’zbekiston Respublikasining boshqa sudlari sudyalariga nisbatan — tegishlicha O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining yoki O’zbekiston Respublikasi Oliy xo’jalik sudi Plenumining roziligi bilan; prokuror va prokuratura tergovchisiga nisbatan — O’zbekiston Respublikasining Bosh prokurori roziligi bilan qo’llanilishi mumkin. Qamoqda saqlab turish muddati ish tergov qilinayotganda 3 oydan ortiq davom etishi mumkin emas, alohida hollarda esa, 1 yilgacha uzaytirilishi mumkin. Qamoqda qonunga xilof ravishda saqlab turish tufayli shaxsga yetkazilgan ziyon, basharti keyinchalik unga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan bo’lsa yoki reabilitatsiya uchun asoslar bo’lsa, to’liq hajmda qoplanadi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “qamoqqa olishga sanktsiya berish huquqini sudlarga o’tkazish to’g’risida”gi farmoni (2005 yil 8 avgust) ga ko’ra, jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarni Qamoqqa olishga sanktsiya berish huquqi 2008 yil 1 yanvardan e’tiboran sudlar vakolatiga o’tkaziladi. Anashufarmon bilan Qamoqqa olish qonunda belgilangan boshqa ehtiyot choralarini qo’llash samarasiz bo’lgan alohida holatlarda va faqat jinoyat ishlari bo’yicha sudlar yoki harbiy sudlar vakolatiga muvofiq ularning qarori bo’yicha amalga oshirilishi belgilab qo’yildi. Bu hol fuqarolarning huquq va erkinliklari daxlsizligi hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo’yishga hech kim haqli emasligi ko’rsatilgan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan printsipi va normalariga to’la mos keladi. Zumrad Inog’omjonova.