Qumsichqonlar

Qumsichqonlar – olaxurjunlar oilasiga mansub kemiruvchilar kenja oilasi. Gavdasining uzunligi 5 santimetrdan 19 santimetrgacha, dumi 3 santimetrdan 24 santimetrgacha. Ko’rinishi kalamushga o’xshash, lekin demining uchida bir tutam uzun junlari bo’lishi bilan undan farq qiladi. 80 ga yaqin turi Osiyoning cho’l va chala cho’llarida, Afrika savannalari va tog’oldi hududlarida tarqalgan. O’zbekiston faunasida katta Qumsichqonlar va kichik Qumsichqonlar urug’lariga mansub katta Qumsichqonlar, yulg’un Qumsichqonlari, Qizilqum Qumsichqonlari, tushki Qumsichqonlar tarqalgan. Ko’pchilik turlari kechqurunlari yoki kechasi faol. Uyada yashaydi. Katta Qumsichqonlar O’rta Osiyo va Qozog’iston cho’llarida keng tarqalgan; yaylovlar, saksovul va cho’ldagi butalarga katta ziyon keltiradi. Qumsichqonlar o’lat, teri leyshmaniozi, kana toshmali terlamasi va boshqa kasalliklar qo’zg’atuvchilarini saqlovchi tabiiy manba hisoblanadi.