Qumqo’rg’on tumani
Qumqo’rg’on tumani – Surxondaryo viloyatidagi tuman. Viloyatning Markaziy qismida joylashgan. 1977 yil 24 martda tashkil etilgan. Shimoldan Sariosiyo, Janub va Janubi-g’arbdan Jarqo’rg’on, sharqdan Oltinsoy, Sho’rchi, Uzun, shimoli-sharqdan Denov, g’arbdan Bandixon va Boysun tumanlari, Janubi- sharqdan Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 2,2 ming km2. Aholisi 158,3 ming kishi (2005). Tumanda 1 shahar (Qumqo’rg’on), 1 shaharcha (Hurriyat), 8 qishloq fuqarolari yig’ini (Arslonboyli, Jaloyir, ketmon, Oqjar, Oqqapchig’ay, yuqori Kakaydi, O’zbekiston, Qumqo’rg’on) bor. Tuman markazi — Kumko’rg’on shahri. Tabiati. Tuman hududi Surxon — Sherobod vodiysining Markaziy qismida joylashgan, o’rta qismidan shimoldan janub tomon Surxondaryo oqib o’tadi. Relefi, asosan, adirlardan iborat, Surxondaryo vodiysi g’arbga (Sherobod — Sariqamish qirlari tomon) va sharqqa (Bobotog’tomon) asta-sekin ko’tarilib boradi. Foydali qazilmalardan Lalmikor neft koni, turli qurilish materiallari qazib olinadigan konlar bor. Iqlimi quruq subtropik iqlim. Qishi iliq, qisqa, yozi issiq, davomli. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 3°, eng past temperatura -20°, -22°. Iyulning o’rtacha temoperaturasi 30°, eng yuqori temperatura 48°. Yillik o’rtacha temperatura 16°. Vegetatsiya davri 240-250 kun. Yiliga o’rtacha 190-200 mm yog’in tushadi. Tuman hududidan Surxondaryo va uning mavsumiy oqimga ega bo’lgan o’ng irmoqlaridan Oqqapchig’ay, Bandixon soylari oqib o’tadi. Asosiy sug’orish kanallari: Sherobod va Bobotog’ mashina-magistral kanallari, O’g’riguzar nasos stansiyasi va boshqalar bor. Daryo terrasalari allyuvial bo’z tuproq. Surxondaryoning har ikkala tomonidagi adirliklarda qum tuproq, tog’ etaklarida och tusli bo’z tuproqlar. Kserofit — efemeroid o’simliklar o’sadi. Daryo bo’ylarida qamish, qiyoq, yulg’un, yantoq, qizilmiya, adirlarida betaga, no’xatak, qo’ng’irbosh, shoshir, lolaqizg’aldoq, qo’zigul, tog’ yon bag’irlarida karrak, kovrak, kiyiko’t, suv havzalarida har xil baliklar yashaydi. Tuman hududida Janubiy Surxon suv ombori joylashgan. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 71 kishi. Sug’oriladigan zonada o’rtacha zichlik 1 km2 ga 100 kishi chamasida. Xo’jaligi. Muhim sanoat korxonalaridan “Surxon” temir-beton buyumlari kombinati, paxta tozalash, ta’mirlash-mexanika, asfalt-beton zavodlari, non kombinati bor. Janubiy Surxon suv ombori boshqarmasi, Surxondaryo parmalash ishlari boshqarmasi, MTP, qurilish tashkilotlari, avtokorxona, neftni saqlash va tsisternalarga quyish estakadasi, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari ishlab turibdi. Kichik, o’rta biznes korxonalari, mikrofirmalar faoliyat ko’rsatadi. Qishloq xo’jaligi, asosan, g’allachilik va paxtachilik, ingichka tolali paxtachilikka ixtisoslashgan. Chorvachilik, polizchilik, sabzavotchilik, pillachilik ham rivojlangan. Tumanda shirkat, dehqon, fermer xo’jaliklari, 3 chorvachilik majmuasi, “Sayxon” qorako’lchilik-naslchilik xo’jaligi mavjud. Bog’va tokzorlar bor. Umumiy ta’lim, bolalar musiqa maktablari, kasb-hunar kolleji, tuman Markaziy kutubxonasi va uning shoxobchalari, klub muassasalari, madaniyat uylari, madaniyat va istirohat bog’i, stadion bor. Tuman Markaziy kasalxonasi, poliklinika, qishloq vrachlik va feldsher-akusherlik punktlari, dorixona va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Qumqo’rg’ondan Toshkent — Dushanba temir yo’l va Termiz — Dushanba avtomobil yo’li o’tgan. Yangi qurilayotgan Qumqo’rg’on — Toshguzar — Boysun temir yo’lning 112 kilometr qismida poyezdlar qatnaydi. Qumqo’rg’ondan Termiz shahriga avtobuslar qatnovi yo’lga qo’yilgan. Me’moriy yodgorliklardan Bandixonsoy ustiga qurilgan qadimgi me’moriy ko’prik (g’ishtdan) (1558-98 yillar) saqlanib qolgan. Jovli Tursunov, Mashhura Ro’ziyeva.