Quddus Muhammadiy
Quddus Muhammadiy (Muhammadiyev Quddus) (1907.25.10 — Toshkent — 1999.22.6) — bolalar shoiri. O’zbekiston xalq yozuvchisi (1982). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi (1957). Qishloq xo’jaligi texnikumini tugatgan (1930), O’rta Osiyo davlat universiteti (1931-32) va Toshkent tibbiyot instituti (1932-37)da o’qigan. Maktabda o’qituvchi (1930-32). Islom shoir kotibi (1941 — 45). She’rlari 1928 yildan “Quddus” taxallusi bilan matbuotda bosilgan. Dastlabki she’rlar to’plami — “O’quvchiga esdalik” (1946) maktab bolalari hayotiga bag’ishlangan. “She’r va ertaklar”, “sinov” (1947), “orzu”, “Bahor keldi” (1948), “qirq o’g’il, qirq qiz” she’riy to’plamlari (1951) hamda “yangi uy” (1953), “kitob”, “bu binoni kim qurgan?”, “Oq tog’lar”, “Tentaksoy” kabi asarlarida inson mehnati ulug’langan. “Qanday bo’lmog’im kerak?”(1960), “juda qiziq, juda chiroyli” (1961), “ona-bola mehri” (1963), “bola boshidan, o’g’lon yoshidan” (1964), “qanotli do’stlar” (1978), “cho’pon bobo qo’shig’i” (1979) va boshqa she’r va ertaklar to’plami nashr qilingan. Quddus Muhammadiy bolalarning yoshiga, saviyasiga mos qilib asarlar yaratgan, adabiy-badiiy vositalarni izlab topgan, kinoya, satira va yumor unsurlaridan unumli foydalangan. Quddus Muhammadiy ijodiga xos bo’lgan asosiy xususiyat uning asarlarida badiiylik, ma’rifiylik va tarbiyaviylikning uyg’unligidadir. Shoir ijtimoiy hayot voqealari va tabiat hodisalariga teran nazar tashlaydi, ularning o’ziga xos ichki va tashqi tomonlarini, rivojlanish qonuniyatlarini chuqur idrok etadi hamda ularni bolalar adabiyoti talablariga muvofiq, ya’ni jonli va dinamik tarzda gavdalantiradi va badiiy umumlashgan obrazlar yaratadi. “Tabiat alifbesi” (5 kitob, 1974-80)da bolalarni O’zbekistonning boy va go’zal tabiatini sevishga, suv va havosini musaffo saqlashga chaqirgan. “Kitob va Oftob” (1986), “men sizga bir hikmat aytaman” (1987) kabi asarlar muallifi. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1969). As.Tanlangan asarlar, T., 1957; Ochil dasturxon [she’r va ertaklar], T., 1970; Serebristiy Topol, stixi, M., 1982. Ad.: Qo’shjonov M., Quddus Muhammadiy va Qudrat Hikmat, T., 1963; BAT L . , Shoir va pedagog [“O’zbek sovet bolalar adabiyoti” to’plamida), T., 1969; Xo’jaeva R., Quddus Muhammadiy, T.. 1980. Rahmatulla Barakayev.