Qosimovlar podsholigi
Qosimovlar podsholigi – Moskva buyuk knyazi Vasiliy II tomonidan tatar xonlari uchun ajratilgan hududda tuzilgan kichik podsholik (1445- 1681). Qosimovlar podsholigi Oka daryosi bo’ylab (hozirgi Ryazan viloyatining shimoliy-Sharqiy qismida) tatarlar, misharlar, mordvalar, qisman ruslar yashaydigan hududni egallagan. Dastlabki podsho Qozon xoni ulug’ Muhammadning o’g’li Qosimxon bo’lgan (taxminan 1445-56). Markazi — Qosimov shahri. Podsholik va shaharning nomi ham uning asoschisi Qosimxon ismidan olingan. Xonlik aholisi, asosan, dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik bilan shug’ullangan. Xonlik siyosiy hayotida Mang’it, arg’in, Jaloyir, qipchoq kabi turkiy urug’lar yetakchi rol o’ynagan. Qosimovlar podsholigi xonlari Moskva tomonida turib Qozon xonligiga qarshi harbiy kurashlarda qatnashgan (1467-69, 1487, 1552). Masalan, aka-uka xonlar Shoh Ali (1516-67) va jon Ali Qozon xonligini 1519-21, 1532 — 36, 1546,1551 yillarda boshqarishgan. Shoh Ali Livoniya urushida rus armiyasiga qo’mondonlik qilgan (1557— 58). Qozon xonligi rus tomonidan bosib olingach (1552), Qosimovlar podsholigi xonlarining nufuzi ancha pasaygan. Biroq xonlar 16-asr oxiri va 17-asrda ham rus diplomatlari uchun Usmonli turk sultonlari va boshqa Islom davlatlari oldida “musulmon hukmdorlari” sifatida bir dastak vazifasini o’tagan. Said Burhon (hukmronlik davri: 1627-79) davrida xonlik aholisini majburan xristian diniga kiritish boshlanganligi uchun tatarlar qo’zg’olon ko’tarishgan (1656). So’nggi xon Fotima Sulton Begim vafot etgach (1681), Qosimovlar podsholigi o’z faoliyatini tugatgan va u Moskva davlatiga qo’shib yuborilgan. Ad:. Sharifullina F., Kasimovskie tatarm, Kazan, 1991.