ATTILA MUNDTSUK O’G’LI

ATTILA MUNDTSUK O’G’LI (etsela, Otilaxon, etilli; laqabi — “Xudoning g’azabi”) (? — milodiy 453) — gunnlar podshohi. Milodiy 433 yil amakisi Rutila vafot etgach, birodari Bleda (bilada) bilan birga taxtga o’tirgan; lekin 445 yil Bledani qatl etib, hokimiyatni yakka boshqargan. Attila o’zining zafarli yurishlari bilan saltanat hududini nihoyatda kengaytirgan. Attila davlati Sharqda — Kavkaz, G’arbda — Reyn daryosi, shimolda — Daniya orollari, Janubda —Dunay daryosining o’ng sohilini qamrab olgandi. Attila qudratli hukmdor bo’lgan, shu tufayli ko’pgina xalqlar unga o’z ixtiyorlari bilan bo’yso’nganlar. Attila xalqlarning kuchli ittifoqini tashkil qilib, uning tarkibiga: ostgotlar, gepidlar, tyuringiyaliklar, gerullar, rugiylar, xazarlar va boshqalarni kiritgan. Attilaning qarorgohi Vengriyaning shimoldagi tokay mavzeida bo’lgan. Attila dastlab Dunayning quyi oqimidagi so’l qirg’oq yerlarni o’z hokimiyatiga bo’ysundirgan. Miziya, Frakiya, Illirikani talon-taroj qilib, to Konstantinopolga qadar etib borgan va Vizantiya imperatorini juda katta to’lovlar to’lashga (447) majbur etgan. 450 yil Attila 500 ming kishilik qo’shin to’plab g’arbga yurish qilgan. Attila Germaniyadagi Reyn daryosidan o’tib Trir, Mes, Arras va boshqa shaharlarni vayron qilgan. Orlean shahrini qamal qilganda shaharga yordamga G’arbiy Rim imperatori Valentinian III ning sarkardasi Aesiy va vestgotlar podshohi Teodorix yetib kelgan. Attila qamalni bo’shatib 451 yil kuzda Trua shahri yaqinidagi Katalaun maydoniga kelib joylashadi. Mana shu maydonda xalqlarning buyuk jangi sodir bo’lgan. Attila kuchi bu jangdan so’ng ancha zaiflashgani tufayli oldinga qarab yurishni davom ettirmay, Reyn ortiga, Germaniyaga qaytadi. 452 yil u yangidan safar uyushtirib, Sharqiy Alp tog’lari orqali Italiyaga bostirib kirib Akvileyani vayron qiladi, Altinum, Paduya, Milan va boshqa ko’pgina shaharlarni egallagan; Rim va butun Italiya xavf ostida qoladi; lekin Attila o’zining zafarli yurishini tuxtatib sulh bitimi tuzadi. Attila 453 yil Pannoniyaga qaytib kelib, shu yerda vafot etgan. Attilaning vafoti bilan gunnlarning jahonshumul davlatining qudrati singan; uning o’g’li Ernak davrida, Netad daryosi (Pannoniyada) bo’yidagi jangda german va skif qabilalari o’z mustaqilliklarini qaytarib olganlar. Gunnlar barpo etgan davlat parchalanib ketgan. Attila haqidagi ko’plab qo’shiq va rivoyatlar uzoq vaqtlargacha saqlanib qolgan.