ATTRAKTANTLAR
ATTRAKTANTLAR (lotincha attraho — o’zimga jalb qilaman) — hasharotlarni o’ziga jalb etuvchi tabiiy va sintetik kimyoviy moddalar. Bir hujayrali organizmlarning Attraktantlar odatda, ijobiy xemotoksisni vujudga keltiruvchi moddalar hisoblanadi. Masalan, saxaroza va aminokislotalar turli xil harakatchan bakteriyalarni o’ziga jalb qiladi. Tsiklik ATF esa zamburug’lar (miksomisetlar)ning tabiiy Attraktantlar hisoblanadi. Attraktantlar ta’sir qilish doirasi bir necha millimetrdan bir necha kilometrgacha boradi. Hozirgi kunda hasharotlarning Attraktantlar juda yaxshi o’rganilgan. Bular 3 asosiy guruhga bo’linadi: hasharotlarning muayyan jinsiga; ozuqa moddaga va tuxum qo’yish muhitiga jalb qiluvchilar. Birinchi guruh moddalari — jinsiy Attraktantlar yoki feromonlardir. Turli xil hasharotlarning 300 dan ortiq feromonlari yaxshi o’rganilgan. Bular asosida juda ko’p sintetik feromonlar ham yaratilgan. Jinsiy feromonlar haddan tashqari kam miqdorda ham ta’sir ko’rsatish xususiyatiga ega. Erkak ipak qurti jinsiy Attraktantlar 1 santimetr kub havoda kontsentrasiyasi zlo”19 gramm miqdorida ham o’ziga jalb qilish xususiyatini saqlaydi. Hasharotlarning ozuqa manbaiga jalb qiluvchi Attraktantlar (ozuqa Attraktantlar) organizmlar oziqlanadigan ovqat hidiga ega bo’ladi. Ipak qurtining tut barglari bilan oziqlanishga jalb qiluvchi Attraktantlar asosini bir qator kimyoviy moddalar bilan bir qatorda boshqa o’simliklarda deyarli uchramaydigan Morin moddasi tashkil qiladi. Ko’pchilik hollarda ozuqa Attraktantlar sifatida bitta emas, balki bir nechta moddalar birgalikda ishtirok etadi. Hasharotlarni tuxum qo’yish joyiga jalb qiluvchi Attraktantlar guruhi, masalan, daraxtlarning po’stlog’idan ajraladigan uchuvchan moddalar po’stloqxo’r qo’ng’izlarni, issiqqonli hayvonlar ajratadigan karbonat angidrid gazi qon so’ruvchi hasharotlarni o’ziga jalb qilishi aniqlangan. O’simliklarni himoya qilishda feromonlardan foydalaniladi. Attraktantlarni insektisidlar bilan birgalikda ishlatish juda samarali. Zararkunandalar har bir avlodining rivojlanishini, entomofaglarnm dalaga qo’yish muddatlarini belgilash va kimyoviy kurash choralarini qo’llashga zaruratni aniqlashda Attraktantlar katta ahamiyatga ega. Abdukarim Zikiryoyev.