Palak

Palak — qo’lda yoki mashinada kashta tikib tayyorlanadigan badiiy buyum. Xonani bezatish uchun devorga osiladi. Ip-gazlama (o’tmishda oq yoki malla bo’z) ga bosma va boshalar chokda kashta tikiladi. To’lin oyli osmon aks ettiriladigan naqsh mujassamoti osmon, oy va yulduzlarni ifodalovchi ramziy shakllar (doira va yulduzlar)dan iborat. Gullarning yirikligi va zamini ham kashta bilan quyuq qoplab tikilishiga ko’ra so’zanadan farq qiladi. Tasvirdagi oy soniga qarab 6 oyli, 12 oyli va boshqa Palak xillari mavjud. Palakning rangi, jilosi, mujassamoti, badiiyligi chevarning mahorati va didiga bog’liq. 20-asr 60-yillardan mashina kashtado’zligi keng tarqalishi bilan kashtasi mashinada tikib tayyorlangan Palaklar ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Turli xil rangdor matolar ishlab chiqarishning yo’lga qo’yilishi kashta zaminida mato rangini saqlab qolishni taqozo etdi. Shuning uchun Palak o’rnini so’zana egallay boshladi. Toshkent, Farg’ona, Surxondaryo va boshqa joylarda yaratilgan Palakning ajoyib namunalari O’zbekiston va xorij muzeylarida saqlanadi.