Navo

Navo (forscha — kuy, ohang) — o’n ikki maqom tizimi hamda Shashmaqom tarkibidagi uchinchi maqom. Shashmaqomdagi Navoning cholg’u qismlari tasnifi Navo, Tarjei Navo, Garduni Navo, Nag’mai Orazi Navo, Muxammasi Navo, Muxammasi Bayot, Muxammasi Husayniy, Saqili Navo deb ataladi. Ular muayyan kuy mavzulari va doira usullari negizida yaratilgan. Navoning ashula bo’limi 2 guruh sho’balarga bo’linadi. Birinchi — Saraxbori Navo (2 taronasi bilan), talqini Bayot (taronasi bilan), Nasri Bayot (2 taronasi bilan), orazi Navo (3 Taronasi bilan), Husayniy Navo deb nomlanuvchi sho”balar hamda Ufari Bayot (Suporishi bilan) qismlaridan tashkil topadi. Ular navbatma-navbat turkum tarzida turli doira usullarida aytiladi. Ikkinchi guruh sho’balar — Savti Navo, Mo’g’ulchai Navo va Mustazodi Navo deb yuritiladi. Ularning har biri Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma va Ufar kabi shoxobchalardan tuzilgan. Navo sho’balar shakli ancha murakkab bo’lib, daromad, miyonxat, dunasr, avj va tushirim tuzilmalaridan tashkil topadi. Navoning sho’balarida, asosan, Oraz va baet namudlaridan avj sifatida foydalanilgan. Navo maqomining ko’p ashula (mayo, Bayot sho”balari asosida yaratilgan Bayot — 1, 2, 3, 4, 5) va cholg’u (surnay, tanbur, dutor) yo’llari mavjud. R. Glier, T. Sodiqov (“Layli va Majnun” operasi), A. Kozlovskiy (“Ulug’bek” operasi va boshqaar), M. Burhonov (“Alisher Navoiyga qasida”), M. Ashrafiy (“Dilorom” operasi), M. Mahmudov (“Navo” simfoniyasi) va boshqa kompozitorlar Navo yo’llaridan unumli foydalanishgan. Navo atamasi va shu nomli mumtoz musiqa asarlari tojik, turkman, uyg’ur, Eron, Ozarbayjon, Arab, turk xalqlari musiqa merosida keng o’rin olgan. Ravshan Yunusov