Navoiy-Uchquduq-Nukus temir yo’li
Navoiy-Uchquduq-Nukus temir yo’li – Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog’iston Respublikasi hududlaridan o’tuvchi temir yo’l. 1994-2001 yilda qurilgan. Yo’lning umumiy uzunligi 700 kilometrga yaqin. Navoiy, Uchquduq, Miskin, To’rtko’l shaharlaridan o’tib, Nukusgacha etkazilgan. Ilgari Qoraqalpog’iston Respublikasi va Xorazm viloyati O’zbekistonning boshqa hududlari bilan Turkmaniston hududidan o’tadigan Turkmanobod (Chorjo’y) — Urganch temir yo’li orqali bog’langan edi. Navoiy-Uchquduq-Nukus temir yo’li qurilishi yuk va yo’lovchilar tashish masoasini 450 kilometrga va qatnov muddatini 6-7 soatga qisqartirib, mamlakat iqtisodiyotiga har yili 19 million AQSh dollariga yaqin mablag’ni tejash imkoniyatini beradi. Temir yo’l mineral resurslarga g’oyat boy mintaqani o’zlashtirishda muhim ahamiyatga ega. Temir yo’l orqali yo’lovchilar, xalq xo’jaligi yuklari, mineral o’g’itlar, qurilish materiallari va boshqa yuklar tashiladi. Tohirjon Mirzayev.