Nagasaki
Nagasaki — Yaponiyadagi shahar, Kyusyu orolining g’arbida, Nagasaki qo’ltig’i sohilida joylashgan. Nagasaki Prefekturasining ma’muriy markazi. Aholisi 423,2 ming kishi (2000). Yirik port. Yaponiyaning Janubiy suvlaridagi baliqovlash bazasi. Kemasozlik va kema ta’mirlashning yirik markazi. Mashinasozlik, oziq-ovqat, metallurgiya, to’qimachilik, neft kimyosi, yog’och tilish sanoatlari rivojlangan. Universitet, savdo-sanoat muzeyi, qadimgi san’at va boshqa muzeylar bor. Shahar 12-asrdan ma’lum. 16— 17-asrlarda Nagasakida portugallar faktoriyasi bo’lgan. 2-jahon urushi oxirida, 1945 yil 9 avgustda shaharga tashlangan atom bombasi natijasida shaharning ko’p qismi vayron bo’lgan, 75 mingdan ortiq kishi halok bo’lgan va yaralangan. Nagasaki erkin reja asosida kurilgan. Me’moriy yodgorliklaridan 16-19-asrlarda qurilgan Suva ibodatxonasi, budda ibodatxonalari ansambllari, ko’priklar, katoliklar cherkovlari saqlangan. 1945 yil 9 avgustdagi vayronagarchiliklardan keyin qayta qurilgan binolar qatorida tinchlik bog’i (xalqaro madaniyat markazi binosi bilan) va monumenti qurilgan.