Nafis

Nafis — qishki, erta hosilga kiradigan olma navi. R.R.Shreder nomidagi bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutida madaniy navlarning erkin changlanishidan olingan urug’dan o’stirilgan o’simliklardan tanlab chiqarilgan (1963, M.M.Mirzaev, O.K. Afanasev, A.Hamroxo’jaev). Daraxti keng piramidasimon, kuchli o’sadi, shox- shabbasi siyrak, navdalari to’q jigarrang. Gullari yirik, pushtirang. Aprelda gullaydi (10-14 kun). Golden Delishes, Parmen, Jonatan kabi navlardan yaxshi changlanadi. Mevasi yirik (160-180 gramm), silliq, qizil, sariq, eti oq, shirin, muloyim, har yili hosil qiladi. Mevasi oktabr boshlarida terib olinadi. Kuchli o’sadigan payvandtaglarda 5-6-yili, pakana payvandtaglarda 3-yili hosilga kiradi. Bakteriyali va virusli kasalliklarga chidamsiz. O’zbekistonning barcha mevachilik zonalarida ishlab chiqarish sinovlari uchun rayonlashtirilgan.