Nurmuhamedov Badal

Nurmuhamedov Badal (1913.13.2 -Toshkent — 1991.21.6) — aktyor, rejissyor. O’zbekiston xalq artisti (1990). Toshkentdagi ishchiyoshlar teatr texnikumini (1935), “O’zbekfilm” qoshidagi kinoaktyor, kinorejissyor, kinooperator tayyorlov studiyasini (1938) tugatgan. 1938— 41 yillar Respublika qo’g’irchoq teatrida rejissyor, aktyor, 1941-48 yillar Muqimiy teatrida, 1948-91 yillar yosh tomoshabinlar teatrida aktyor. Karl bobo (“Buratino”), Davron (“o’qituvchi”), Mo’min ota (“Oq kema”), Oxunboboyev (“ota yurtim oqsoqoli”), Qovoqvoy (“Chippolino”), Mahkam ota (“o’z uyingdasan”), Mahalla oqsoqrli (“farzandim jig’arbandim”) kabi rang-barang xarakterdagi kishilar obrazini yaratib, milliy teatr san’ati rivojiga munosib hissa qo’shdi. Sahnada ko’p gapirmasada, butun xatti- harakat, ko’z qarashlari, yuz ifodasi bilan qahramonning ichki dunyosini ochib bera olish, ishonarli talqin, samimiylik Nurmuhamedov ijodiga xos. Bir qancha filmlar (Nozim, “Tohir va Zuhra”; domla, “Alisher Navoiy” va boshqalar)da ham suratga tushgan. Televidenieda “Otalar so’zi — aqlning ko’zi” ko’rsatuvining doimiy (1978-91) boshlovchisi bo’lgan.